Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsiz va ravon yo‘l dasturi bolalar xavfsizligini ta’minlaydi
21:00 / 2022-12-16

Surxondaryo viloyatida qish faslining sovuq kunlari yo‘l transport hodisalari yuz berishining o‘z vaqtida oldini olish, piyodalar, xususan, ta’lim muassasalariga shoshayotgan bolalarning xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning joriy yil 12 iyuldagi “2022-2026 yillar davomida amalga oshirilishi mo‘ljallangan “Xavfsiz va ravon yo‘l” umummilliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.  

Viloyatda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun targ‘ibot ishlarini kuchaytirish va bolalarga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilanib, umumta’lim maktablarida 30 ga yaqin yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish sinfxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Mahallalarda yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatish maydonchalarini tashkil etish” maqsadida 26 ta umumta’lim maktabida o‘quv avtomaydonchasi barpo etildi.

Yo‘l-transport hodisalari eng ko‘p yuz beradigan yo‘llarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning tashviqot vositalari, ya’ni, reklama-axborot plakatlari, itlarni o‘rnatish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirilib, viloyat avtomobil yo‘llar boshqarmasi hamkorligida Termiz shahri va tumanlar hududiga 184 ta targ‘ibot banneri o‘rnatildi.

Vohadagi ayrim maktabgacha ta’lim muassasalari va umumta’lim maktablari serqatnov yo‘llar yaqinida joylashgan. Transport harakati yildan-yilga oshib borayotgan hozirgi paytda mazkur ta’lim muassasalarida uzluksiz “Diqqat, piyoda!”, “Diqqat, yo‘lovchi!”,  “Diqqat, bolalar!” kabi profilaktik tadbirlar, shuningdek, ta’lim muassasalariga viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari biriktirilib, yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha dars mashg‘ulotlarini o‘tkazish yaxshi an’anaga aylandi. Bundan tashqari “Yashil chiroq”, “Yo‘l harakati qoidalari bilimdoni”, “Eng namunali yo‘lovchi” mavzularida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘g‘il-qizlarning yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha bilimlarini oshirib, ko‘nikmalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bu borada olib borilayotgan barcha ishlar yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lishining, piyodalar, shu jumladan, bolajonlarning yo‘llarda ko‘ngilsiz hodisalar ishtirokchisi yoki qurboniga aylanib qolishining oldini olishga yo‘naltirilgani e’tiborga sazovar bo‘lmoqda. Masalan, o‘tgan yilning shu davrida viloyatda 355 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan bo‘lsa, joriy yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 301 tani tashkil etgani ham bunga yaqqol dalildir.  

Bularning barchasi viloyatda yo‘lovchilarning yo‘l qoidalariga qat’iy amal qilishi, o‘quvchilar va talaba yoshlarning yo‘l qoidalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan tadbirlar hamda targ‘ibot-tushuntirish ishlarining amaldagi samarasidir.  

Elnur Abrayev,  

Surxondaryo viloyati IIB JXX yo‘l harakati 

xavfsizligi boshqarmasi axborot xizmati boshlig‘i, leytenant