Prezidentimiz 2026 yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qildi. Yangi yilning ilk kunlaridanoq davlatimiz rahbari mahallalar bilan bog‘liq qarorga imzo chekdi.
Ya’ni, “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan yangi tartib va huquqiy mexanizmlar belgilab berilmoqda.
Qarordan ko‘zlangan maqsad jinoyatchilikni keskin kamaytirish, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha yangicha ishlash mexanizmlarini belgilash, murojaatlarga tezkorlik bilan munosabat bildirish orqali aholi roziligiga erishish.
Endilikda har bir mahallada kriminogen vaziyatga salbiy ta’sir etuvchi omillar bilan ishlash uchun bevosita mas’ul rahbarlar biriktirilmoqda va mahalliy hokimliklarning mas’uliyati yanada oshiriladi. Profilaktikaga mas’ul idora va muassasalar tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi ustidan elektron nazorat tizimi keng joriy qilinadi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, o‘tgan 2025 yilda ko‘rilgan manzilli choralar natijasida mahalla jinoyatchiligi 1.5 barobarga kamaydi. Qizil toifaga kirgan mahallalarning qariyb 50 foizida jinoyat sodir etilmadi.
Yangi tartibga muvofiq, biriktirilgan mas’ul rahbarlar zimmasiga o‘z hududlarida huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasini tashkil etish namunasini yaratish, hududiy “yo‘l xaritalari” bilan belgilangan chora-tadbirlarning to‘laqonli amalga oshirilishini ta’minlash hamda ijtimoiy profilaktika tizimini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Respublika mahallalarida mahalliy hokimliklar rahbarligida “Ijtimoiy profilaktika haftaligi”ni o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. Mahallada jinoyatchilikni jilovlash yo‘nalishida mas’ul davlat idoralarining kamida 15 nafar o‘rnak ko‘rsatgan rahbar va xodimlari mahalliy byudjet daromadlarining prognozidan oshirib bajarilgan qismi hisobidan mehnatga haq to‘lash fondi (pul ta’minoti)ning bir baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirib boriladi.
Mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi borasidagi ishlarni kompleks tashkil etish maqsadida Bosh prokuratura huzurida tuzilgan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi o‘z faoliyatini belgilangan tartibda davom ettiradi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar natijadorligini har oy yakunida – viloyat prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari huzurida, har chorak yakunida — ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror huzurida muhokama qilib borish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, mahallalarda “ijtimoiy profilaktika” tadbirlari natijadorligini, mahalliy hokimliklar va mas’ullarning javobgarligini oshirishga qaratilgan yangi tartiblar o‘rnatiladi.
2026 yil yakuniga qadar fuqarolarning huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi og‘zaki murojaatlarini soha va hududidan qat’i nazar, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali real vaqt rejimida yagona tartibda qabul qilish hamda tegishliligi bo‘yicha tezkorlik bilan munosabat bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 noyabrga qadar fuqarolar tomonidan mahalla profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilish, foto, audio, video va tashvish xabarlarini yuborish, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish imkoniyatini beruvchi “Mening inspektorim” mobil ilovasini ishlab chiqish va ommalashtirish choralari ko‘riladi.
2026 yil 1 mayga qadar oila va turmush munosabatlari doirasida sodir etiladigan jinoyatlarning oldini olish maqsadida nizoli oilalar haqidagi ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va monitoring qilish imkonini beradigan “E-ijtimoiy profilaktika” axborot tizimining “E-nizoli oila” modulini joriy etish va modulni sudlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri integratsiya qilish choralari ko‘riladi.
Ushbu qaror respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha yaxlit ishlash tizimini joriy etishga xizmat qiladi. Zero, mahalla tinch va ahil bo‘lsa, jamiyat tinch va hamjihat bo‘ladi. Mahalla rivojlansa, mamlakat yuksaladi.
<iframe width="815" height="458" src="https://www.youtube.com/embed/qebME6GozGo" title="Xavfsiz va obod mahalla – jamiyat tayanchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA