Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Xavfsiz talaba oyligi” doirasida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Nukus shahar Favqulodda vaziyatlar bo‘limi mutaxassislari ishtirok etib, talabalarga favqulodda vaziyatlarda xavfsizlikni ta’minlash, to‘g‘ri va o‘z vaqtida chora ko‘rish qoidalarini o‘rgatishdi. Mashg‘ulotlar davomida yong‘in va turli tabiiy ofatlarda o‘zini tutish qoidalari nazariy va amaliy mashqlar yordamida tushuntirildi.
Mutaxassislar talabalarga evakuatsiya qilish, muhtojlarga yordam berish va tezkor xabar berish kabi muhim ko‘nikmalarni ham namoyish etishdi. Shuningdek, zilzila, kuchli shamol va boshqa tabiiy ofatlar sodir bo‘lganda qanday harakat qilish kerakligi ko‘rsatildi.
Ushbu mashg‘ulotlardan kutilgan asosiy maqsad, yoshlarda xavfsizlik madaniyatini shakllantirish, ularda murakkab vaziyatlarda hushyorlikni saqlash va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iboratdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA