Ichki ishlar vazirligi "Xavfsiz shahar" tizimlarini rivojlantirish markazi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
"Xavfsiz shahar" markazi direktori U. Kulanov va TATU rektori B. Maxkamov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda "Xavfsiz shahar" tizimlarini rivojlantirish sohasida kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik qilish, xorijiy ekspertlar bilan uzviy munosabatlarni yo‘lga qo‘yish, universitet professor-o‘qituvchilari tomonidan muayyan yo‘nalishlarda malaka oshirish kurslarini tashkil qilish, xalqaro miqyosdagi ekspertlar ishtirokida ma’ruzalar tashkil etish kabi qator masalalar muhokama qilindi.

Shuningdek, "Xavfsiz shahar" markazi direktori U.Kulanov va TATU rektori B.Mahkamov birgalikda universitetda amalga oshirilayotgan ishlar, talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, zamonaviy tarzda jihozlangan o‘quv xonalari bilan tanishdi.

Uchrashuv so‘ngida tarmoq va tizim administratorligi va axborot xavfsizligi masalalarida kadrlarni yetkazib berish va ichki ishlar organlarini raqamlashtirishda "raqamli jamoani" shakllantirish, hamkorlikda sohaga oid qo‘llanma, mobil ilovalar ishlab chiqish, tadqiqot va loyihalar ustida izlanishlar olib borishga kelishildi.
U.Qurbonov, O‘zA