Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi ishga tushirildi. Ushbu platforma ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va qayta ishlash jarayonlarini avtomatlashtirib, butun hududdagi videokuzatuv tizimlarini yagona markaz orqali boshqarish imkonini bermoqda. Shuningdek, markaziy server xonasida jami 13 ta zamonaviy server o‘rnatilgan.
Bugungi kunga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ylab jami 3 ming 76 ta intellektual videokuzatuv kamerasi o‘rnatilib, ularning barchasi “Xavfsiz shahar” tizimining yagona platformasiga integratsiya qilingan. Bu kameralar orqali yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, jamoat joylaridagi tartibni nazorat qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish samaradorligi sezilarli darajada oshmoqda.

Shuningdek, 1 ming 14 ta qo‘shimcha kamerani yagona tizimga ulash bo‘yicha ishlar ham bosqichma-bosqich olib borilmoqda. Hudud bo‘ylab o‘rnatilgan 505 ta yuzdan tanib oluvchi, 73 ta aylanma (PTZ), 47 ta transport vositalarining davlat raqamlarini aniqlovchi, 20 ta tezlik oshirilishini aniqlovchi hamda 30 ta to‘xtash qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralar jamoat xavfsizligini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 83 ta “qizil” toifadagi mahalla fuqarolar yig‘inlariga o‘rnatilgan 2 ming 233 ta kameradan 1 ming 14 tasini yagona platformaga integratsiya qilish rejalashtirilgan.

Ayni paytda 42 ta MFY hududida 1 ming 219 ta kamera, shu jumladan 913 ta yuzdan tanib oluvchi, 185 ta aylanma hamda 121 ta transport raqamini aniqlovchi qurilmalar to‘liq tizimga ulanib, faoliyat yuritmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasida ushbu tizimning kengayib borishi bilan hududda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashda yangi bosqich boshlanganini ta’kidlash mumkin.

“Xavfsiz shahar” faqatgina texnologik loyiha emas, balki jamiyat xavfsizligi, tartib-intizom va fuqarolar osoyishtaligiga qaratilgan strategik tashabbusdir.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA