Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xavfsiz shahar” – har bir mahallada xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qiluvchi konsepsiya
14:14 / 2026-01-28

Prezident tashrifidan so‘ng...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 yanvar kuni Toshkent shahri ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi qo‘riqlash xizmati faoliyati bilan tanishdi.

Tashrif doirasida qo‘riqlash texnika vositalarining ko‘rgazmali taqdimoti ham o‘tazildi. “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish va uni izchil rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yildagi tegishli qarori bilan belgilangan aniq mexanizmlar amaliyotga joriy etilishi natijasida respublika miqyosida “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda. 

Ushbu loyihaning borishi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan Prezidentga taqdimot qilgan Ichki ishlar vazirligi “Xavfsiz shahar” tizimlarini rivojlantirish  markazi boshlig‘i mayor Ulug‘bek KULANOV bilan suhbatlashdik.

– Davlatimiz rahbariga huquqni muhofaza qiluvchi va davlat organlarining “Xavfsiz shahar” yagona platformasi texnik imkoniyatlaridan uyg‘un foydalanishi natijasida bir necha yuz milliard so‘m byudjet mablag‘lari tejalayotgani haqida ma’lumot berdim, – dedi Ulug‘bek Kulanov. – Bugungi kunda konsepsiya doirasida yagona platforma, 13 ta ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, yagona elektron xarita, 42 ming 750 ta intellektual kamera hamda 17 ta yong‘in xavfsizligi monitoringi tizimi faoliyat yuritmoqda. Ushbu tizimlar konsepsiyaning asosiy tarkibiy qismini tashkil etadi.

Joriy yilda ham vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda intellektual transport tizimlari, avtoturargohlarni boshqarish, ekologik va seysmologik monitoring, shuningdek, favqulodda vaziyatlarda ogohlantirish tizimlarini joriy etish va integratsiyalash ishlari davom  ettiriladi.

Eng muhimi shundaki, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, loyiha faqat aholi uchun xizmat qilishga ixtisoslashgan. Ushbu marketing xizmatlarini ko‘rsatish maydonchasida yuridik va jismoniy shaxslarning talab va extiyojlaridan kelib chiqib, videokuzatuv tizimi va xar xil turdagi kameralarning real xolatda ishlashini namoyish qilib, ularning texnik imkoniyatlarini tushuntirib, taklif va tavsiyalar beramiz.

Monitorda uch turdagi kamera namoyish etiladi. Bular aylanma kamera, yuz qiyofasidan shaxsni aniqlovchi kamera va davlat raqamini aniqlovchi kameralar. Bugungi kunda barcha hududiy ichki ishlar boshqarmalarida sun’iy intellekt asosida xududlarni “onlayn” kuzatish, tezkor qidiruv, kuch-vositalarni boshqarish hamda jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etishga xizmat qiluvchi “Qalqon” axborot tizimi to‘liq ishga tushirildi.

Yana bir muhim ma’lumotni qayd etishni istardim, tizimning raqamli infratuzilmasi 3752 kilometr himoyalangan optik aloqa tarmoqlari, 45 ta ma’lumotlar bazasi, 13 ta tezkor boshqaruv markazi va 98 ta hududiy mutaxassis bilan ta’minlangan. 2023 yilda maxsus texnikalarimiz soni 2 ta edi, hozirda 35 taga, shtat birliklari esa 66 tadan 251 taga yetkazildi.

2025 yil oktyabr oyida Qozog‘istonning Ostona shahrida MDH davlatlari ichki ishlar idoralarining konferensiyasida ishtirok etdim. Delegatsiyalar bilan suhbatda O‘zbekistonda “Xavfsiz shahar” konsepsiyasini joriy etish bo‘yicha davlatimiz rahbari belgilab bergan mexanizmlar haqida aytdim. 

Suxbat jarayonida ular “Xavfsiz shahar” tizimlari konsepsiyasi va arxitekturasiga juda katta qiziqish bildirishdi va tajribamiz bilan bo‘lishishni iltimos qilishdi. Mana yaqinda dekabr oyida Qirg‘iziston ichki ishlar vazirligidan hamkasblarimiz Toshkentga kelib, platformamiz va raqamlashtirish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Prezidentning 2025 yil 3 yanvardagi tegishli qaroriga muvofiq, respublikadagi barcha “qizil” toifadagi mahallalarni yagona texnologik yondashuv asosida kameralashtirib, “Xavfsiz shahar” platformasiga integratsiya qildik.

Ichki ishlar vazirligi akademiyasida Raqamlashtirish departamentining eng zamonaviy talablar asosidagi yangi binosi qurilishi ham boshlandi. Yil yakunigacha tarmoq qamrovini yanada kengaytirib, sun’iy intellekt asosida kamida 4 ta tizimni platformaga ulab, raqamlashtirish darajasini jahon andozalariga olib chiqishni reja qilganmiz.

Bir so‘z bilan aytganda, “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi har bir mahallada xavfsiz muhitni ta’minlashga xizmat qiluvchi yechimlarni joriy etishga alohida e’tibor qaratishni taqozo etadi.

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri