O‘tgan yil Samarqand viloyatida 15998 ta jinoyat qayd etildi va bu raqam 2024 yilga nisbatan 6596 taga oshdi. Jinoyatlarning 5156 tasini oldini olish mumkin bo‘lgan, 3241 tasi aniqlangan va 7601 tasi axborot texnologiyalari yordamida sodir etilgan jinoyatlarni tashkil qildi. Qotillik jinoyati bittaga va bosqinchilik uchtaga kamaydi.
Shu kabi ma’lumotlar Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Tohir Aripovning jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasida bergan hisobotida qayd etildi.

– Joriy yilning 27 yanvar kuni davlatimiz rahbari tomonidan xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha namunaviy amaliyotni yaratish chora-tadbirlariga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki ishlar organlari uchun to‘rt ustuvor yo‘nalish – uyushgan jinoyatchilik, giyohvandlik, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi, – deydi Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Tohir Aripov. – Yaqinda respublika Ichki ishlar vaziri boshchiligidagi ishchi guruh viloyatimizda bo‘lib, Samarqandda xavfsiz muhitni shakllantirish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi va to‘rt yo‘nalish bo‘yicha oldimizda turgan vazifalarni belgilab oldik.

Jumladan, viloyat hududidagi 1063 mahallada xavfsiz muhitni ta’minlash bo‘yicha kompleks ishlar olib borish, ijtimoiy profilaktika doirasida “xonadonma-xonadon” ishlashning namunaviy mexanizmini joriy etish rejalashtirildi. Narkojinoyatchilik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish, ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasida mas’ul idoralar bilan hamkorlikda tizimli choralar ko‘rish, tuman va shaharlarda, xususan, uyushmagan yoshlar bandligini ta’minlashga qaratilgan “Samarqand tajribasi”ni joriy etish vazifalari belgilandi. Internet orqali sodir etilayotgan firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritish va elektron to‘lov tizimlariga tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olish va ularni barvaqt aniqlash, bunda zamonaviy tahlil mexanizmlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, sodir etilgan har bir og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat holati bo‘yicha uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini chuqur tahlil qilish, jinoyat yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf etish hamda profilaktik ishlarni kuchaytirish chora-tadbirlari tasdiqlandi. Kriminogen vaziyati murakkab bo‘lgan hamda “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga biriktirilgan mas’ul rahbar va xodimlar mas’uliyati oshirildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yilning 3 yanvar kuni qabul qilingan “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, viloyatda 106 ta mahalla kriminogen vaziyati og‘ir deb e’tirof etildi. Bu mahallalarning 81 tasi “qizil”, 24 tasi “sariq” va 1 tasi “yashil” toifaga kiritilgan edi. Ushbu mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish uchun shahar, tuman boshqaruv organlarining birinchi rahbarlari mas’ul etib belgilangandi. Har bir mahalla bo‘yicha alohida yo‘l xaritasi, dasturlar ishlab chiqilib, amalga oshirildi. Natijada o‘tgan yil yakuniga kelib, mahallalarning 22 tasi “qizil”, 51 tasi “sariq” toifada qoldi, 29 tasi “yashil” toifaga o‘tkazildi.

Kelgusida mahallalarda jinoyatlarning barvaqt oldini olish borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilishi natijasida “qizil” toifaga tushuvchi mahallalar sonini tizimli ravishda kamayishga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Boshqarma boshlig‘ining qayd etishicha, 2025 yilning sentyabr oyidan viloyat hududida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va profilaktikasini ta’minlash maqsadida “Samarqand tajribasi” sifatida belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlar o‘zining samarasini berdi. Ya’ni, hodisa joyiga 5 daqiqada yetib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi. “112” tizimi bo‘yicha kelib tushgan jami 110 ming 266 ta xabarning 109 ming 79 tasiga 8 daqiqagacha, 971 tasiga 8-15 daqiqa, 216 tasiga 15-30 daqiqa oralig‘ida yetib borildi. Shuningdek, “112 tizimi” orqali fuqarolardan kelib tushgan xabarlar kunlik tahlil qilinib, eng ko‘p murojaat tushayotgan shahar, tuman, mahalla, ko‘cha va xonadonlar aniqlanib, xabarlarning turlari bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasining tegishli sohaviy xizmatlaridan mas’ullar biriktirilib, muammolarni o‘z vaqtida hal etish yo‘lga qo‘yildi. Natijada, 2 mingga yaqin og‘ir oqibatlarga olib keluvchi jinoyatlar oldi olindi.
Har bir ma’muriy huquqbuzarlikka murosasiz munosabatda bo‘lib, nafaqat boshqa tuman yoki shahar, balki respublikaning boshqa hududlarida sodir etilgan har qanday huquqbuzarlikni shu kunning o‘zida huquqbuzarning yashash hududida “mahalla yettiligi” ishtirokida muhokama qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Natijada, fuqarolarda nafaqat jinoyat, balki ma’muriy huquqbuzarliklar uchun ham jazo muqarrarligi tushunchasi paydo bo‘lib, potensial jinoyatchilik xavfi kamayishiga erishildi. Jinoyat sodir etilishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarni aniqlash bo‘yicha choralar kuchaytirildi. Huquqbuzarlik sodir etish hamda undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan 121 ming nafardan ortiq shaxsga “Ijtimoiy profilaktika” tadbirlari doirasida xulosalar berildi.
– Keyingi yillarda sodir etilayotgan kiberjinoyatlar salmog‘i oshib bormoqda – deydi T.Aripov. – Xususan, 2025 yilda viloyatda qayd etilgan jinoyatlarning 7601 tasi (47 foiz)ni kiberjinoyatlar tashkil etdi. Tahliliga e’tibor qaratsak, kiberjinoyatlarning 3964 tasi o‘g‘rilik, 3466 tasi firibgarlik, 171 tasi boshqa turdagi jinoyatlar hisoblanadi. Bank plastik kartasi bilan bog‘liq 7430 ta o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlari sodir etilish usullari tahlil qilinganida 3895 tasi soxta yoki zararli ilovalar orqali bank karta yoki akkauntini egallab olish orqali, 1834 tasi tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarni oldindan to‘lash, 438 tasi soxta kripto birjalarga qiziqtirish shaklida, 138 tasi nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish, 90 tasi telefon qo‘ng‘iroqlari orqali amalga oshirilgani ma’lum bo‘ldi. Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida jinoyatlardan jabrlanish ehtimoli bo‘lgan 2,3 ming bank kartasi bloklanib, 5 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘lari talon-toroj etilishi oldi olindi, 28 ta shubhali internet resurslari bloklandi. Xodimlarimiz tomonidan soxta kontent va akkauntlarni aniqlovchi ikkita dasturiy ta’minot (Tahlilchi AI, SamSyber102) yaratildi. Joriy yilda ushbu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada kuchaytirish uchun viloyatimiz aholisining kiberxavfsizlik bo‘yicha xabardorligini yanada oshirish maqsadida “Kiberxavfsizlik va kibermadaniyatni yuksaltirish bo‘yicha dolzarb 30 kunlik” tadbirlarini o‘tkazish taklifini bildirdik. Shuningdek, viloyat hokimligi tomonidan aholi o‘rtasida internet orqali firibgarlik holatlari, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, bank kartalaridan xavfsiz foydalanish bo‘yicha ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashni so‘radik.
Aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarning oldini olishda faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan cheklanib qolmasdan, bu ishga keng jamoatchilikni jalb qilishni taklif etyapmiz. Bunda hokimiyat organlari xodimlari va jamoatchilik vakillari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki kuchli ta’sir etuvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanishning oqibatlari, narkotik moddalarning inson salomatligi uchun zararini aholiga tushuntirish, fuqarolarda xabar berish madaniyatini shakllantiruvchi targ‘ibotni kuchaytirishda faol ishtirok etadi va buning uchun ular moddiy rag‘batlantiriladi.
Bugungi kunda giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar noqonuniy aylanmasi ko‘proq internet tarmoqlari orqali amalga oshirilayotganini hisobga olib, viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarining bo‘lajak IT mutaxassislari, “IT Park” va “School 21” maktabi o‘qituvchi va tinglovchilari bu ishga jalb qilinadi. Ular internet tarmog‘ida yashirin faoliyat olib boruvchi narkoshoplarni aniqlashi, bunday guruhlar faoliyatini cheklovchi dasturlar yaratishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birgalikda internet tarmog‘ida maxsus anonim xabar berish botlari yoki saytlar yaratiladi.
Viloyatda xavfsiz muhitni yaratish hamda jamoat xavfsizligini samarali ta’minlash maqsadida hududlarda qo‘shimcha zamonaviy videokuzatuv vositalari o‘rnatiladi va ular viloyat ichki ishlar boshqarmasining “Yagona tezkor boshqaruv markazi”ga ulanadi. Ko‘ngilochar maskanlar, tunu kun faoliyat yurituvchi gastronomik ko‘chalar, savdo markazlari hamda ommaviy tadbirlar o‘tkaziladigan hududlarda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar ko‘riladi.
G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri