Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” yoxud yangicha yondashuv qanday natija bermoqda?
16:15 / 2026-02-23

Prezident tashabbuslari – amalda

Osoyishtalik va xavfsizlik ko‘zga ko‘rinmas ne’mat. U jamiyat taraqqiyotining eng asosiy poydevori sanaladi. Uni mustahkam saqlash katta mehnat, aniq hisob-kitob va tizimli nazoratni talab etadi. Mamlakatda bu borada yechim kutayotgan jihatlar borligi ochiq tan olinmoqda. Ularni bartaraf etish uchun amaliy chora-tadbirlar belgilangan.

Shu yo‘nalishda 27-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi Toshkent shahrida xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va jamoat tartibini mustahkamlash bo‘yicha yangi mexanizmlarni belgilab bergani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, qayerda iqtisod rivojlansa, daromad oshsa, o‘sha yerda jinoyatchilikning yangi turlari ham tezroq paydo bo‘ladi. Shu sabab poytaxtda huquq-tartibot idoralarining faoliyati zamon talabiga mos bo‘lishi shartligi aytib o‘tildi.

Mahalla huquqbuzarliklarning oldini olishda eng muhim bo‘g‘in sifatida e’tirof etildi. Chilonzor tumanida oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va bezorilik ko‘rsatkichlari yuqoriligi, Yunusobodda bosqinchilik holatlari ko‘pligi, Yashnobod va Mirobodda esa qotillik xolatlari nisbatan yuqori ekani ma’lum qilindi. 

Uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatchilik va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda mutlaqo yangi tizim joriy etilishi aytildi. Bu jarayon esa, avvalo, Toshkent shahrida amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. Xavfsiz muhit yaratish bo‘yicha “poytaxt namunasi” joriy etilishi qayd etildi.

Mirzo Ulug‘bek tumani misolida bu ishlar amaliy ko‘rinish olayotganini ba’zi misollarda qayd etamiz. Tumanda 340 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Yetmishta mahallada 1 ming 604 ta ko‘p qavatli uy, ularda 86 ming 850 ta xonadon mavjud. Bu mahallalarga tungi yoritgichlar o‘rnatilib, ko‘chalarga tashvish tugmalari qo‘yilmoqda. 

– Davlatimiz rahbari o‘tkazgan yig‘ilishdan so‘ng ish faoliyatimizda to‘liq yangi bosqich boshlandi, – deydi tuman ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Dilshodbek Ismoilbekov. – Mahallada xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatchilikning oldini barvaqt olish yuzasidan Ichki ishlar akademiyasi professor-o‘qituvchilari bilan birgalikda o‘tgan yili sodir etilgan jinoyatlarning sabablari chuqqur tahlil qilindi. Tahlillarga ko‘ra, tumandagi to‘qqizta “qizil toifa”dagi mahallaga tajribali rahbar xodimlar biriktirildi. Shuningdek, hududga 481 ta aqlli kamera o‘rnatildi. Ular yordamida esa 19 nafar qidiruvdagi shaxs qo‘lga olindi. Kameralar, yoritish va qo‘riqlash tizimlarining takomillashuvi mahallalarda jinoyatchilikning keskin kamayishiga xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, tuman qo‘riqlash xizmati tomonidan beshta og‘ir toifadagi mahalla uchun alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. 62 ta ko‘p qavatli uyning kirish joylari, 191 ta savdo va maishiy ob’ekt, 853 ta xonadon qo‘riqlashga olindi. Bu ishlar oilaviy zo‘ravonlik, talonchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda amaliy samara bermoqda.

Jinoyatchilikni kamaytirishda aholini ish bilan ta’minlash muhim o‘rin tutadi. Shu maqsadda probatsiya hisobida turgan shaxslar bilan manzilli ish olib borilmoqda. Ular “mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda turli kasblarga o‘qitilib, sertifikat olmoqda. Bu esa ularning ish bilan ta’minlanishiga, jamiyatga qayta moslashuviga yordam bermoqda.

Poytaxtda xavfsiz muhit yaratishga qaratilgan yangi yondashuvlar butun mamlakat uchun namuna bo‘ladi. Zamonaviy texnologiyalar, mahallabay ishlash, aholining faol ishtirokini ta’minlash huquqbuzarlikning oldini olishda tizimli ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Odamlar kechki payt bexavotir yurishi, mol-mulki xavsizligiga ishonch bilan qarashi juda muhim. Osoyishtalik va xavfsizlik hissining bo‘lishi jamiyatda taraqqiyot, ishonch va barqarorlik muhitini  mustahkamlaydi. Bu esa yuksalishning eng muhim sharti sanaladi.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri