Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, hududdagi kriminogen vaziyatni sog‘lomlashtirish hamda barcha sohalarda ishlarni mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida 2026-yilning birinchi yarmiga mo‘ljallangan “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilgan.
Shu mavzuda viloyat prokurori U.Hamdamov ishtirokida G‘ijduvon politexnikumida muhokama o‘tkazildi.
Uchrashuvda ta’lim muassasasining bugungi holati, mavjud imkoniyatlari va kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar atroflicha tahlil qilindi. Xususan, politexnikumning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, o‘quv xonalari va laboratoriyalarni zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, o‘quv jarayonini amaliyot bilan uyg‘unlashtirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi. Ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qituvchilar malakasini muntazam ravishda yuksaltirish, o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablari asosida takomillashtirish bo‘yicha aniq takliflar bildirildi.

Shuningdek, bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini yaxshilash, ularni maqsadli tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, fanlar kesimida qo‘shimcha mashg‘ulotlar va test sinovlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi. 2026-yilning ikkinchi choragi yakuniga qadar talabalarning darsdan bo‘sh vaqtlarida texnikum huzurida faoliyat yuritayotgan kasb-hunar o‘rgatish ustaxonalariga keng jalb etish orqali ularning amaliy ko‘nikmalarini oshirish, tadbirkorlikka qiziqishini kuchaytirish va bandligini ta’minlash choralari belgilab olindi.
Viloyat prokurori bitiruvchi guruh talabalari bilan ochiq va samimiy suhbatlashdi. Uchrashuvda yoshlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishning ahamiyati haqida tushuntirishlar berildi. Yoshlarni turli salbiy ta’sirlardan asrash, ularni ta’lim-tarbiya jarayoniga to‘liq jalb etish, kasb-hunar egallashga rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bildirildi.
Barcha murojaatlar yuzasidan mas’ul shaxslarga aniq topshiriqlar berilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi.

“Yo‘l xarita”si ijrosi doirasida tumanning “Sharq” mahalla fuqarolar yig‘inida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilayotgan yangi bino bilan ham tanishildi. Qurilish ishlarining borishi, loyihaning sifati va muddatlariga rioya etilishi ko‘zdan kechirildi. “Zamonaviy mahalla” loyihasi doirasida binoni belgilangan muddatlarda, yuksak sifat talablari asosida foydalanishga topshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, “Mahalla yettiligi” vakillarining samarali faoliyat yuritishi uchun zarur tashkiliy va moddiy shart-sharoitlarni yaratish, aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish vazifalari belgilab olindi. Mahallada xavfsiz va barqaror muhitni ta’minlash, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini oshirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash kabi ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejalashtirildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri