Qaror va ijro
Chirchiq shahridagi qizil toifaga kirgan “Kimyogar” mahallasida jinoyatchilikka qarshi kurash va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Xususan, Toshkent viloyati IIBB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, mahallaga biriktirilgan holda joyiga chiqib, “Mahalla yettiligi” bilan hamkorlikda xonadonbay xatlov o‘tkazdi.

Natijada, 11 ta savdo do‘koni va 3 ta ovqatlanish shoxobchasiga kuzatuv kameralari o‘rnatildi. 15 ta ob’ekt qo‘riqlash xizmati “tashvish tugmalari”ga ulandi. Aholi gavjum joylarga 2 ta zamonaviy videokamera o‘rnatilib, viloyat IIBB markaziy tizimiga integratsiya qilindi. 108 ta xonadon egasi qo‘riqlash xizmatidan foydalanish uchun murojaat qildi.

Mahallada ijtimoiy masalalarga ham e’tibor qaratilib, 71 nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, xorijda mehnat migratsiyasida bo‘lgan 94 nafar fuqaro yashash manziliga qaytarildi. Huquqbuzarlikka moyil shaxslar ro‘yxatga olinib, ularning har biri fuqarobay o‘rganildi. “Mahalla yettiligi”ga 74 nafar fuqaro bo‘yicha xulosalar taqdim etilib, ijrosi nazoratga olindi.

Yana bir jihat shuki, aholining murojaatlari tezkor ko‘rib chiqilayotgani bois, murojaatlar soni qariyb 21 foizga kamaydi.

Mazkur tashabbuslar Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan “Xavfsiz mahalla” konsepsiyasini hayotga tatbiq etish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Musayev, O‘zA.