Mamlakatimizda aholi turmushini yanada farovonlashtirish, ularga qulay yashash sharoiti yaratish hamda muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish tizimini takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Bu orqali nafaqat elektr energiyasi uchun sarflanadigan mablag‘lar tejalyapti, balki ekologik jihatdan sog‘lom muhit yaratishga ham hissa qo‘shilmoqda.
Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidagi Istiqlol mahallasi bu yo‘nalishdagi ilg‘or tajribaga ega hududlardan biri bo‘lib, bugungi kunda mahalladagi 3,5 ming nafarga yaqin aholidan tashkil topgan 1050 ta xonadonning qariyb yarmi quyosh panellari orqali elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda.
Mahalla faollarining ta’kidlashicha, keyingi ikki yil ichida aholi o‘z uylariga quyosh panellarini o‘rnatishda faollik ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, bugungi kunga kelib Istiqlol mahallasi elektr energiyasi bo‘yicha deyarli yarim mustaqil hududga aylangan.
Mahallada istiqomat qiluvchi O‘lmas Aytug‘diyev shular jumlasidandir. Ilgari u xonadoni va savdo do‘koni uchun oyiga 500 ming so‘mdan ziyod mablag‘ to‘lardi. Mahalla faollarining tavsiyasi bilan 15 kilovattlik quyosh panellari o‘rnatgach, nafaqat xarajatlardan qutuldi, balki ortiqcha energiyani sotish orqali qo‘shimcha daromad ham topmoqda.
– Quyosh panellarini o‘rnatganimizga bir oy bo‘ldi, – deydi O‘.Aytug‘diyev. – Savdo do‘konimizda maishiy texnikalar ko‘p ishlatiladi. Endi esa nafaqat energiya tejayapmiz, balki oy oxirida bir million so‘mdan ziyod mablag‘ kartamga o‘tkazilyapti. Ishxonam orqali ajratilgan ssuda foizsiz bo‘lgani uchun qiynalmayapmiz. Endi afsusdaman – nega bundan avval o‘rnatmaganman, deya.
[gallery-25677]
Mahalla ko‘chalari bo‘ylab yurar ekanmiz, har ikki xonadondan bittasida quyosh panellarini ko‘rish mumkin. Bu shubhasiz, mahalla raisi Gulchehra Jo‘rayeva rahbarligidagi jamoaning fidoyiligi samarasidir. 2023 yilda u davlat rahbari bilan bo‘lgan muloqotda ikki yil ichida mahallaning kamida yarmi quyosh panellari bilan ta’minlanishiga va’da bergan edi.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan “Quyoshli xonadon” dasturi odamlar uchun juda katta ahamiyatga ega, – deydi G.Jo‘rayeva. – Bugun mahallamizda 50 foizdan ortiq xonadon quyosh panellariga ega. Aholi mamnun, chunki elektr to‘lovlari ancha kamaydi. Ba’zi oilalar ortiqcha ishlab chiqarilgan energiyani tarmoqqa uzatish orqali daromad ham olmoqda. Bu faqat boshlanishi, maqsadimiz Istiqlolni to‘liq “quyoshli mahalla”ga aylantirish.
Ayni paytda kambag‘allik reyestriga kirgan fuqarolarga quyosh panellari subsidiya asosida bepul o‘rnatib berilmoqda. Shu tartibda hozirgacha 5 ta xonadon yangi quyosh panellari bilan ta’minlandi.
Muborak tumanidagi yana bir Sariq mahallasi esa “Xavfsiz mahalla” tashabbusida yetakchilardan biriga aylandi. Ilgari jinoyatchilik ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan ushbu hudud so‘nggi yillarda keskin o‘zgarishga erishdi.
Jinoyatchilik holatlari tahlil qilingandan so‘ng, mahallada umumiy uzunligi 2,3 kilometr bo‘lgan 3 ta “xavfsiz ko‘cha” tashkil etildi. Ularda 110 ta quyosh panelli yoritish chiroqlari, 6 ta kuzatuv va 2 ta yuz tanuvchi PTZ kameralari o‘rnatildi. Shuningdek, 21 ta yo‘l belgisi, 2 ta piyodalar o‘tishi va yo‘l chiziqlari yangilandi.
Loyiha uchun jami 250 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Mahalla fuqarolar yig‘ini binosi atrofida ham obodonlashtirish, asfalt yotqizish va tozalash ishlari amalga oshirildi.
– Mahallamizga qarashli 4 ta qishloq bor, – deydi “Sariq” MFY raisi Azamat Nasrullayev. – Hokim va prokuror tashabbusi bilan asosiy ko‘chalarga kuzatuv kameralari va yoritish chiroqlari o‘rnatildi. Ular 24 soat ishlaydi, biz esa turli holatlarni monitor orqali kuzatib boryapmiz. O‘rnatilganiga bir oy bo‘ldi, natijasi sezilarli, mahallamiz tinch va osoyishta.
Bu kabi loyihalar nafaqat aholi uchun qulaylik yaratyapti, balki mahallalarda xavfsizlik, tejamkorlik va ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadam bo‘lmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari