Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfsiz mahalla – barqaror jamiyat poydevori
19:17 / 2026-02-04

Guliston shahrida “Xavfsiz mahalla – barqaror jamiyat poydevori” shiori ostida huquqiy targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Bahor mahallasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Guliston shahar adliya bo‘limi boshlig‘i Safarboy Tog‘ayev ishtirok etib, mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash, oilaviy nizolarni kamaytirish hamda huquqiy profilaktika masalalari yuzasidan atroflicha ma’lumot berdi.

Tadbirda aholiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 yanvardagi  “Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash va oilaviy nizolarni profilaktika qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” va  “Adliya organlarining mahallalarda huquqiy targ‘ibot va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etishni yanada samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlarining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Safarboy Tog‘ayev mahallalarda adliya organlari roli borasida gapirib, nizoli oilalar bilan ishlashda mediatsiya institutining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Uchrashuvda notariat, FHDYO bo‘limi, kadastr, kommunal xizmatlar va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ham ishtirok etib, aholining kundalik hayotida uchrayotgan huquqiy muammolar bo‘yicha tushuntirishlar berdi. Masalan, mulk huquqlari, ijtimoiy kafolatlar, yer masalalari va ma’muriy tartib-taomillar haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Tadbir doirasida sayyor qabul tashkil etildi va fuqarolarning murojaatlari o‘rganildi. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Shuningdek, tadbirda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Sirdaryo viloyat filiali patronaj brigadasi ham ishtirok etib, profilaktik-tibbiy ko‘rik tashkil qildi va aholiga bepul dori-darmonlar tarqatdi.

–  Maqsadimiz – fuqarolarga sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilish va ularning salomatligini ta’minlash. Bunday tadbirlar faqat huquqiy ongni oshirib qolmasdan, aholi salomatligi va xavfsiz muhitni mustahkamlashda ham muhim ahamiyatga ega. Mahalla fuqarolari uchun qo‘shimcha tibbiy va profilaktik xizmatlar ko‘rsatish orqali ularning hayot sifatini yaxshilashga erishmoqdamiz, –  dedi Fond rahbari Yulduz Usmonova.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri