Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi yaratiladi
16:40 / 2025-04-08

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov qurilish va kommunal sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olish va tizimni raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, boshqa sohalar qatori qurilish va kommunal sohadagi ishlar samaradorligini oshirishda korrupsiya holatlarining oldini olish va tizimni raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishga doir aniq tashabbuslar ilgari surildi. 

Shundan kelib chiqqan holda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan Bosh prokuratura bilan birgalikda korrupsiyaga barham berish, inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi" ishlab chiqildi.

Bunda arxitektura, qurilish va kommunal xo‘jaligi tizimlarini takomillashtirish, jumladan, mavjud byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, inson omilini qisqartirish va raqamlashtirish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Unga ko‘ra, loyiha hujjatlarini kelishish jarayonlarini shaharlarning “raqamli egizak”lari orqali amalga oshirish tizimi joriy etiladi. 

Bunda barcha bosh rejalar geoaxborot tizimiga raqamli formatda yuklanadi va shaharlarning “raqamli egizak”lari yaratiladi. Xususan, 2025 yilda 12 ta shahar, 46 ta shaharcha va 94 ta qishloq aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini geoaxborot tizimga joylashtirish rejalashtirilgan.

Arxitektura, shaharsozlik va qurilish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash tizimi ham takomillashtiriladi. Hukumat qarorini qabul qilgan holda dastlab eksperiment tariqasida, “Litsenziya” axborot tizimida I va II toifali ob’ektlarni loyihalashtirish faoliyati uchun litsenziya berish jarayonlarini raqamli formatga o‘tkazish maqsad qilingan.

Ob’ektlarga texnik shartlar berish jarayoni ham to‘liq raqamlashtiriladi. Xususan, elektr, gaz, kanalizatsiya, ichimlik suvi, issiqlik ta’minoti va aloqa tarmoqlari to‘g‘risidagi barcha zaruriy ma’lumotlar GIS formatda “Shaffof qurilish” tizimiga integratsiya qilinadi.

Loyihalashtirilayotgan ob’ektlar bo‘yicha gidrogeologiya xulosalarini tayyorlash va taqdim etish jarayonlari ham raqamlashtiriladi. Shuningdek, ushbu xulosalarning yagona elektron reyestri yaratilib, uni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi ekspertiza elektron platformasiga integratsiya qilgan holda ishga tushirish ko‘zda tutilmoqda.

Instrumental-texnik tekshiruv o‘tkazish va xulosalarni taqdim etishning barcha jarayonlari raqamlashtiriladi va elektron reyestri yaratiladi. Mazkur reyestrni “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi ekspertiza elektron platformasiga integratsiya qilgan holda ishga tushirish jarayonlari jadallashtiriladi. 

IV toifaga mansub ob’ektlarning loyiha hujjatlarini zilzilabardoshlik nuqtai-nazardan ko‘rib chiqish va ilmiy xulosa berish jarayonlari ham raqamlashtiriladi va yagona elektron reyestri yaratiladi.

Ob’ektlarning loyiha hujjatlarini sanoat xavfsizligi nuqtai-nazardan ko‘rib chiqish va ilmiy xulosa berish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha texnik topshiriq ishlab chiqiladi. Xususan, zilzilabardoshlik xulosalarining yagona elektron reyestri yaratiladi.

Ekspertiza ko‘rigiga taqdim etiladigan moliyaviy hisobotlar, ko‘rsatkichlar va ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli vazirlik va idoralarning elektron bazalaridan integratsiya usuli orqali qabul qilish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Manzilli dasturlarni shakllantirish va limitlarni belgilash jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha texnik topshiriqlar ishlab chiqiladi. Ushbu jarayonda elektron platforma ishga tushirilib, tegishli axborot-dasturiy tizimlar bilan integratsiya qilinadi.

“Xavfsiz lift” yagona idoralararo elektron platformasi yaratiladi. Bunda liftlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning onlayn reyestrini yuritish, texnik xizmat ko‘rsatilgan ma’lumotlarning tarixini saqlash, yilda bir marta o‘tkazilishi kerak bo‘lgan sinov natijalarini tahlil qilish imkoniyatlari yaratiladi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA