Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostidagi tadbirda yoshlar uchun sayyor qabul tashkil etildi
21:14 / 2024-09-17

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti tomonidan Nukus shahrida “Xavfsiz hayot uchun birlashaylik!” shiori ostida yoshlar ishtirokida keng qamrovli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i Bekmurod Abdullayev yoshlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularni kamol toptirish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev qayd etganidek, Yangi O‘zbekiston kelajagini shijoatli farzandlarimiz bilan bog‘liq holda ko‘ramiz.  

O‘zbekistonda yoshlar siyosati borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar dunyo miqyosida tan olinmoqda. O‘tgan yili Yoshlar taraqqiyoti indeksiga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar siyosati sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlardan biri, deb e’tirof etilgani ham shundan dalolat beradi.  

Shuningdek, BMT tomonidan “Yoshlar strategiyasi – 2030”ni namunaviy tarzda amalga oshirish bo‘yicha tanlab olingan 10 ta mamlakatdan biri aynan O‘zbekistondir. 2022 yilda Buxoro shahri – Turkiy dunyo yoshlari poytaxti, 2024 yilda esa azim Toshkent – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqasida birinchi yoshlar poytaxti deb e’lon qilindi.  

Tadbir doirasida vazir o‘rinbosari B.Abdullayev yoshlarning muammolarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida “It park Karakalpakstan” ma’muriy binosida sayyor qabul o‘tkazdi.  

Qabul jarayonida 70 nafardan ortiq yoshlar o‘z murojaatini bevosita vazir o‘rinbosariga taqdim qildi. Murojaatlarning aksariyati ishga joylashish, huquqlarini tiklash bilan bog‘liq bo‘lib, ularning barchasi shu yerning o‘zida ko‘rib chiqildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab qilmaydigan murojaatlar joyida ijobiy yechim topdi. Qolgani nazoratga olindi.  

18 sentyabr kuni yoshlarni vatanparvarlikka da’vat etuvchi, ularni ijtimoiy faollikka chorlovchi tadbirlar davom ettiriladi.    

Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA