Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xavfli nuqtalar: G‘azo (+ video)
19:34 / 2026-01-22

Bugun dunyo xaritasida shunday hududlar borki, o‘sha joyda yuz berayotgan keskinlik nafaqat mintaqani, balki butun global xavfsizlik tizimini larzaga solmoqda. “Xavfli nuqtalar” ko‘rsatuvining ilk sonida ana shunday hududlardan biri – G‘azo haqida so‘z yuritamiz.

So‘nggi yillarda G‘azo doimiy ravishda raketa hujumi, keng ko‘lamli havo zarbasi va tinch aholi orasidagi katta talafotlar bilan tilga olinmoqda. O‘n yillardan buyon davom etayotgan Isroil – Falastin mojarosining eng olovli markazi aynan shu yer hisoblanadi. Sektor maydoni atigi 365 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bu manzilda avval 2 milliondan ko‘p odam istiqomat qilgan bo‘lib, aynan shu omil G‘azoni yer yuzida aholi eng zich joylashgan hududlardan biriga aylantirgan. Afsuski, so‘nggi yillardagi urushlar, tinimsiz bombardimon, qurbonlar va majburiy ko‘chish sabab, aholi soni keskin kamaydi.

Isroil – Falastin qarama-qarshiligi 1948 yildan buyon davom etib keladi. G‘azo 2007 yildan HAMAS harakati nazoratida. Isroil, AQSH kabi qator davlatlar HAMASni terror tashkiloti sifatida tan olgan. Shu bois Isroil tomonidan G‘azoga quruqlik, havo va dengiz orqali qat’iy cheklov joriy etilgan.

Rasmiy Tel-Aviv bu choralarni xavfsizlik zarurati bilan izohlaydi. BMT va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari esa ushbu taqiqlar hududdagi insonparvarlik inqirozining asosiy sababi, deya baholaydi.

BMT va xalqaro sog‘liqni saqlash tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi yirik to‘qnashuvlar davomida G‘azoda o‘n minglab falastinlik halok bo‘lgan. 

G‘azo – Isroil mojarosi faqat shu ikki tomonga taalluqli emas. Ushbu ziddiyat Yaqin Sharqdagi umumiy barqarorlikka, xalqaro xavfsizlik tizimiga, energetika bozoriga, global siyosiy ittifoqlar faoliyatiga bevosita salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

AQSH Isroilning asosiy strategik ittifoqchisi bo‘lsa, ko‘plab musulmon davlatlari Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi. Shu jihatdan mojaro yirik geosiyosiy qarama-qarshilik unsurlarini ham ifodalamoqda.

So‘nggi vaqtda tomonlar o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish sulhi e’lon qilinganiga qaramay, G‘azo hanuz to‘liq xavfsiz hududga aylangani yo‘q. Vaziyat nihoyatda nozik – har qanday ig‘vo nizoni yana keng ko‘lamli bosqichga olib chiqishi mumkin.

Ma’lumki, AQSH Prezidenti Donald Tramp yangi tashabbus bilan chiqib, ijtimoiy tarmoq orqali “G‘azo Tinchlik kengashi” tuzilganini rasman e’lon qildi. Mazkur kengash keyingi davrda G‘azodagi kundalik boshqaruvni amalga oshirishi ko‘zda tutilgan 15 nafar falastinlik texnokratdan iborat qo‘mita faoliyatini nazorat qiladi. Qo‘mita Tramp raisligidagi Tinchlik kengashi nazorati ostida ishlaydi. Rejaga ko‘ra, G‘azoda xavfsizlikni ta’minlash, tekshiruvdan o‘tgan falastinlik politsiya bo‘linmalarini tayyorlash hamda hududda tartibni saqlaydigan xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini joylashtirish nazarda tutilgan. Ushbu tashabbuslar qanchalik samara berishini dasturlarimiz davomida yoritib boramiz.

Bu “Xavfli nuqtalar” ko‘rsatuvining birinchi soni edi. O‘zAni kuzatishda davom eting.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/hS6sr2X3oyM?si=kIGIQgdDAtI-nRIP" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Fardona Yaxshiboyeva,

Oybek Davronov (tasvir), Iskandar Ismatov (montaj),

O‘zA