1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni
Mehrangiz orzular og‘ushida uchib yurgan damlar. To‘yga tayyorgarlik ishlari ham tugay deb qoldi. Tibbiy ko‘rik uchun OITSga topshirgan tekshiruv javobi chiqqach, Bahrom bilan nikohdan o‘tdi.
Afsuski, qizning quvonchi ko‘pga cho‘zilmadi. Tekshiruv natijasi Mehrangizning organizmida OITS borligini ko‘rsatdi. Uning ko‘ziga dunyo qorong‘u bo‘lib ketdi. Tarbiyali, huda-behuda ostona hatlab ko‘chaga chiqmagan bu qizga bedavo dard qayerdan ilashdi? Farzandlarini yolg‘iz o‘zi katta qilgan sho‘rlik onaning ohi yuraklarni larzaga soldi. Qizining bokiraligini bilsa-da, qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shnilar, ayniqsa, quda-andalar oldida kim degan odam bo‘ladi? Farzandining salomatligi-chi? Chamasi ikki yil avval qizi ko‘richak bo‘lib kasalxonaga tushgani yoki yaqin hududdagi xususiy klinikada tishini oldirganini kimga ham tushuntira olardi. O‘ylab topilgan safsata, bahona deb o‘ylashlari aniq. Bunday vaziyatda to‘y qoldirilishi tabiiy...
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikning dunyo bo‘yicha keng tarqalishi insoniyat uchun eng jiddiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda. BMT Bosh Assambleyasining 2016 yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan 70-sessiyasida odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashni yanada jadallashtirish va 2030 yilda orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) epidemiyasini butkul tugatish bo‘yicha Siyosiy deklaratsiya qabul qilingan.
Mazkur deklaritsiyada, agar tezkor, samarali choralar ko‘rilmasa, Afrika singari davlatlarda, ayniqsa, OIV jadal rivojlanib, iqtisodiy, ijtimoiy va hattoki siyosiy inqirozni keltirib chiqarishi mumkinligi aytilgan.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Botir Qurbonovning ta’kidlashicha, OIV infeksiyasi eng halokatli epidemiyalardan biri bo‘lib, OIV bilan kasallanganlar ro‘yxatga olina boshlangandan to hozirgi kungacha 75 milliondan ortiq odam ushbu infeksiya qurboniga aylangan.
Mamlakatimizda ham bunday kasallikka chalingan bemorlar yo‘q emas. Ular soni yildan-yilga ko‘payayotgani esa tashvishlanarli holat. 
Aslida, OITS/OIV infeksiyasining yuqish yoki yuqmasligi tibbiy madaniyat va savodxonlikka bog‘liq. Aholining savodxonlik darajasi qancha yuqori bo‘lsa, bu kasallikning yuqish ehtimoli ham shu qadar kamayadi.
Shu bois, har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda “Butunjahon OITSga qarshi kurash kuni” sifatida nishonlanadi va ta’lim muassasalarida o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari tashkil etiladi.
Mamlakatimizda JSST tavsiyalariga muvofiq, OIV infeksiyasi onadan bolaga yuqishining oldini olish dasturi joriy etilgan. Unga ko‘ra, har yili o‘rtacha 600 ming homilador ayol OIVga tekshiriladi. Infeksiyali ayollardan tug‘ilgan chaqaloqlarga xastalik yuqishining oldini olish maqsadida retrovirusga qarshi dorilar o‘z vaqtida berib boriladi.
Toshkent shahar OITSga qarshi kurash markazi mutaxassislarining tushuntirishicha, kasallikning onadan bolaga yuqish ehtimolini kamaytirish maqsadida yurtimizdagi barcha homilador ayollarda OIV infeksiyasi bor-yo‘qligi tekshiriladi. Homilador ayollarni test sinovidan o‘tkazishning muhim jihati - OIV infeksiyasiga chalingan onadan sog‘lom farzand dunyoga kelishiga erishishdir.
Kasallikka chalingan homilador ayol homilaning 24-haftasidan boshlab antiretrovirus dori-darmonlar bilan ta’minlanadi. Go‘dak sun’iy yo‘l bilan dunyoga keltirilib, unga sun’iy ozuqa berib, kasallikdan himoya qilinadi. Mana shu ko‘rsatmalarga amal qilinsa, OIV infeksiyasi bo‘lgan ota-onadan sog‘lom farzandning dunyoga kelish imkoniyati 95 foizgacha ortishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari, Respublika hamda viloyatlar OITSga qarshi kurash markazlari rahbarlari, soha olimlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda OIV infeksiyasi bo‘yicha dunyo va respublikamizdagi vaziyat, olib borilayotgan profilaktik va epidemiyaga qarshi tadbirlar, mamlakatimiz OITSga qarshi kurash tizimining oxirgi yillarda erishgan yutuqlari, bemorlargayetkazib berilayotgan retrovirusga qarshi dori vositalari, mehnat muhojirlari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tekshiruvlar, OIV infeksiyasining onadan bolaga yuqishining oldini olish dasturi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
... Mehrangizning taqdirini aytsam, Bahrom bechora qizni shu ahvolda tashlab ketmadi. Aksincha, o‘zini qo‘lga oldi, ko‘ngil qo‘ygan insoni badnom bo‘lishiga yo‘l qo‘ymadi. U haqiqiy ma’noda jasorat ko‘rsatdi. Ota-onasi, aka-ukalarining qarshiligiga qaramay, Mehrangiz bilan nikohdan o‘tdi. Rafiqasini dam-badam maxsus shifoxonada davolatib yurdi. Ko‘p o‘tmay, ular shifokor tavsiyasiga amal qilgan holda farzandli bo‘ldi. Ammo hali ham Mehrangizning tanasida o‘sha bedavo dard – OITS bor...
Mohigul Qosimova, O‘zA