Geologiya fanlari universitetida Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligining mas’ul xodimlari, mazkur universitet hamda “Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti” davlat muassasasi rahbarlari, shuningdek, Koreya konlarni qayta tiklash va mineral resurslar tashkiloti (KOMIR) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda “O‘zbekistonda foydali qazilmalar va xavfli geologik jarayonlar uchun integratsiyalashgan boshqaruv tizimini yaratish” loyihasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar atroflicha muhokama qilindi. Loyihaning asosiy maqsadi qazib olish jarayonida tabiiy muhitga salbiy ta’sirni minimal darajaga tushirish, xavfli geologik jarayonlarning oldini olish va qazilmalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishdir.
Uchrashuvda KOMIR tashkilotining xalqaro tajribasi hamda ilg‘or texnologiyalarini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, foydali qazilmalar zaxiralarini uzluksiz monitoring qilish, xavfli geologik jarayonlarni erta aniqlash, konlarni rekultivatsiya qilish va mineral resurslarni qayta tiklash yo‘nalishlarida hamkorlik mexanizmlari belgilab olindi.
Ta’kidlanishicha, loyiha nafaqat geologiya sohasini, balki atrof-muhitni muhofaza qilish va mamlakat iqtisodiy rivojlanishini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, mutaxassislar malakasini oshirish, zamonaviy laboratoriya bazasini yaratish kabi yo‘nalishlar ham rejaga kiritilgan.
Koreyalik mutaxassislar O‘zbekistondagi qazilma konlarining geologik xususiyatlarini o‘rganish, xavfli jarayonlarni oldindan bashorat qilish va samarali boshqaruv tizimini joriy etishda o‘z ko‘magi va tajribasini taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, bu tashabbus O‘zbekistonning geologiya sohasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlab, mineral resurslardan barqaror va samarali foydalanishga zamin yaratadi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA