Zararkunandalar deganda qishloq xo‘jaligi ekinlariga zarar keltiradigan hasharotlar tushuniladi. Lekin, zararkunandalar orasida shunday bir hasharot borki, u aholi turar joylari, madaniy-tarixiy obidalar, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarga ham juda katta zarar yetkazadi. Bu zararkunanda shubhasiz termitlardir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommukatsiyalar agentligida Zoologiya instituti direktori Baxtiyor Xolmatov ishtirokidagi brifingda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo miqyosida iqlim o‘zgarishlarining keskinlashuvi natijasida termitlar o‘z tabiiy yashash makonlaridan aholi turar joylari, tarixiy madaniy obidalar, strategik ahamiyatga ega ob’ekt hududlariga ko‘chib, yog‘och konstruksiya qurilmalarga jiddiy zarar keltirmoqda.
Qayd etilishicha, termitlar masalasi dunyo miqyosidagi yirik muammolardan hisoblanib, ular tufayli bino va inshootlarga juda katta zarar yetmoqda. Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, termitlarning har yili keltiradigan zarari dunyo miqyosida 40 milliard AQSH dollarini tashkil qilmoqda.
Dunyoda termitlarning 3000 ga yaqin turi, O‘zbekistonda ikki turi mavjud. Respublikada termitlarning zararli faoliyati yuzasidan olib borilgan monitoring ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur zararkunandalar aholi turar joylarida 18 ming 958 ta holatda, madaniy-tarixiy obidalarda 46 ta holatda, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan ob’ektlarda 15 ta holatda hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida 98 ta holatda ma’lum bo‘lgan. Shuningdek, dala va cho‘l zonalari, qabristonlar va boshqa ochiq joylarda 1 ming 82 ga maydonlarda termitlarning mavjudligi aniqlangan.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda termitlar respublikamiz hududida aholi turar joylarini, tarixiy-madaniy obidalar, ijtimoiy soha ob’ektlari va inshootlardagi yog‘och-taxta qurilish materiallari hamda xalqimizning bir necha asrlardan beri avloddan avlodga o‘tib kelayotgan noyob xalq amaliy san’ati durdonalari hisoblangan yog‘och o‘ymakorligi san’at ishlanmalarini kuchli zararlab, misli ko‘rilmagan darajada zarar keltirmoqda va favqulotda holatlar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan, YUNESKO muhofazasidagi “Ichan-Qal’a” tarixiy yodgorlik majmuidagi 33 ta tarixiy obidaning yog‘och o‘ymakorligi ishlanmalariga termitlar jiddiy darajada zarar yetkazgan. Juma masjid muzeyi, Paxlavon Mahmud maqbarasi, Muhammad Inoq va boshqalar termitlardan kuchli zararlangan.
Surxondaryodagi Hakim At-Termiziy, Qashqadaryodagi Hazrati Imom masjidi, Navoiydagi Imom Hasan-Husan ziyoratgohi va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Mizdakhan kompleksi tarixiy obidalarida termitlarning zararli faoliyati qayd etilgan. Termiz tumanidagi I-III asrlarga tegishli Fayoztepa obidasining hududi 100 foiz termitlar bilan zararlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, termitlarning tabiatan ikki dushmani bor, deyish mumkin. Ya’ni ularning yashashi va ko‘payishiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ikkita omil bor. Birinchisi namlik, ikkinchisi quyosh nuridir. Ular asosan quruq va qorong‘u joyda yashab, zarar keltiradi.
bugungi kunda Respublika termitlarga qarshi kurashish markazi tomonidan termitlarga qarshi samarali vositalardan biri bo‘lgan zaharli yem-xo‘raklarning yangi sanoat namunalari yaratilib, amaliyotga keng joriy etilmoqda. Markaz tomonidan bugungi kungacha 180 mingga yaqin termitlarga qarshi zaharli yem-xo‘rkalar ishlab chiqarilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA