Inson borki, muvaffaqiyatga talpinib yashaydi. Ammo unga har kim ham erisha olmaydi. Erishganlar esa qat’iyat va yaqinlarning ishonchidan mamnun. Achinarlisi shundaki, nosog‘lom oilaviy tarbiya va muhit sabab ko‘plab insonlar o‘z salohiyatini yuzaga chiqara olmaydi.
Aksar rivojlangan davlatlar mintalitetiga qaralsa, erkinlik va mustaqil fikr birinchi darajaga qo‘yiladi. Ya’ni, har qanday kishiga xato qilish imkoni beriladi. Bizning mintalitetda esa farzandlar go‘daklikdanoq xato qilmaslik bosimi bilan tarbiyalanadi. Okibatda uning ichki xohish-istaklarini to‘laqonli yuzaga chiqarishga yo‘l berilmaydi. Natijada u o‘zi uchun noqulay hayot tarziga, sevmagan kasbiga ko‘nikishga majbur bo‘ladi. Bu esa uning haqiqiy salohiyati o‘lishiga olib kelishi bilan birga, erishmog‘i mumkin bo‘lgan yutuqlariga ham to‘siq bo‘ladi.
—Ba’zida bizga malakali kadrlar yetishmaydi degan gap qulog‘imga chalinadi. Men bu fikrga qo‘shilmayman. Kadrlarda aslo ayb yo‘q, balki o‘z orzu-havasi deb ularni qurbon qilgan ota-onalarda hamma ayb deb bilaman. Negaki, har kim ham o‘z sohasini sevsa, undan hech qachon yomon mutaxassis chiqmaydi, — deydi tadbirkor va o‘qituvchi Hamza Mirzayev.
Darhaqiqat, aslida muvaffaqiyatga xato qilishdan qo‘rqmaganlargina erishadi. Bunda qilingan xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish muhim. Aslida eng katta xato - xato qilishdan qo‘rqish. Shuning uchun farzand tarbiyasida ularga xato qilish imkonini beraylik. Zero, ulargina kishini kamolotga yetkazadi.
Sherbek Islomov, O‘zA