Kadastr agentligining vakolatlaridan biri geografik ob’ektlar nomlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazishdir.
Milliy matbuot markazida Kadastr agentligi tomonidan matbuot anjumani o‘tkazildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yilda geografik ob’ektlarga nom berish bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan taqdim qilingan 48 ming 897 geografik ob’ektning nomlari davlat ekspertizasidan o‘tkazilgan. Shundan, 36 ming 6 ta nom qonun hujjatlari talablariga muvofiq, 12 ming 891 ta nom qonun hujjatlari talablariga nomuvofiq deb topildi.
2022 yilda Geografik ob’ektlar nomlarining davlat reyestri bazasiga jami 38 ming 590 ta geografik ob’ekt nomi kiritilib, ro‘yxatga olindi.
Hozirgi kunda Geografik ob’ektlar nomlarining davlat reyestri ma’lumotlar bazasida 166 ming 500 ta geografik ob’ektlarning nomlari jamlangan. Shu bilan birga, o‘tgan yili respublika bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijasida 10 mingdan ortiq nomsiz ko‘chalar aniqlangan. Ularga nom berish bo‘yicha takliflar davlat ekspertizasidan o‘tkazildi. Aksariyat viloyatlarda xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlarining qarorlari qabul qilinishi va ma’lumotlarni davlat reyestriga kiritilishi ta’minlandi.
“Kartografiya” davlat ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi tomonidan 2022 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Xorazm va Farg‘ona viloyatlarining geografik ob’ektlari to‘g‘risidagi umumlashtirilgan to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan geografik ob’ektlar nomlari interaktiv raqamli xaritalari ishlab chiqilgan.
Agentlik tizimidagi Respublika aerogeodeziya markazi tomonidan tayyorlangan Xorazm, Andijon, Namangan, Qashqadaryo, Farg‘ona viloyatlarining 1:25 000 masshtabdagi topografik xaritalarini nashrga tayyorlash va nashr qilish ishlari amalga oshirilgan. Jami 717 ta nomenklatura topografik xaritalari nashrga tayyorlandi. Mazkur topografik xaritalar iqtisodiyotning barcha sohalarini va Respublika mudofaasi va xavfsizligini ta’minlashda kartografik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA