O‘zbekistonda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari va ularda barpo etilgan bino-inshootlarga nisbatan huquqlarni e’tirof etish jarayoni izchil davom etmoqda. Bu — shunchaki hisob-kitob emas, balki minglab oilalar uchun mulkiy aniqlik, huquqiy ishonch va ertangi kunga xotirjam qadam demakdir.
Mazkur qonun ijrosini ta’minlash maqsadida Kadastr agentligi tomonidan tasdiqlangan reja-jadval asosida hududlarda xatlov ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Har bir mahalla, har bir ob’ekt belgilangan tartib va muddatlar asosida o‘rganilyapti.

Jarayonning asosiy tamoyili — shaffoflik. Shu maqsadda yer uchastkalariga oid olti turdagi birlamchi ma’lumotlarni qamrab olgan avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilgan. Ushbu tizimda mahalliy hokimliklar, qurilish, ekologiya, soliq idoralari hamda “O‘zbekkosmos” agentligi kabi yigirmadan ortiq vakolatli tashkilotlar har bir yer uchastkasi bo‘yicha o‘z xulosalarini kiritmoqda.
Shakllangan elektron yig‘majildlar aholi uchun ochiq e’lon qilinadi. Bu fuqarolarga o‘z mulkiga doir ma’lumotlarni ko‘rish, tekshirish va muhokama qilish imkonini beradi. To‘plangan hujjatlarning qonuniyligi adliya organlari tomonidan o‘rganib chiqiladi. Ijobiy xulosa berilgan fuqarolarga Kadastr agentligi orqali xabarnoma yuboriladi va belgilangan bir martalik to‘lov amalga oshirilgandan so‘ng, huquqlar rasman e’tirof etiladi.

Jizzax viloyatida bu masala ayniqsa dolzarb. Bugungi kunda hududda huquqiy hujjatlari yo‘q yoki to‘liq rasmiylashtirilmagan 32 ming 752 ta yer uchastkasi mavjud. Qonun esa aniq talablarni belgilab bergan: yer boshqa shaxsga ajratilmagan, undan foydalanishda nizo mavjud emas, soliq qarzdorligi yo‘q va u bosh reja talablariga zid bo‘lmasligi shart.
2026 yil uchun viloyatdagi 12 ta tuman va 1 shaharda joylashgan 77 ta mahalla xatlov rejasiga kiritilgan. Ular doirasida jami 50 ming 455 ta ob’ekt qamrab olingan bo‘lib, asosiy qismini turar joylar tashkil etadi.

Ayni paytga kelib, ushbu mahallalardan 13 tasida xatlov ishlari to‘liq yakunlangan. Xatlovdan o‘tkazilgan 57 mingdan ortiq ob’ektning 32 ming 752 tasi “E’tirof” axborot tizimiga kiritilib, ular jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, tegishli tashkilotlar ikki oy davomida har bir ob’ekt bo‘yicha xulosa kiritadi. Natijada xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi tomonidan yerga ijara va binoga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha qarorlar qabul qilinadi. Hozirga qadar 612 ta kadastr hujjati “E-qaror” yagona elektron tizimi orqali rasmiylashtirilgan.

Xulosa qilib aytganda, xatlov — bu faqat texnik jarayon emas. U huquqiy tartibotni mustahkamlaydi, qonun ustuvorligini ta’minlaydi va aholining mulkiy manfaatlarini ishonchli himoya qiladi. Jizzaxda kechayotgan jarayonlar esa bu islohotlarning hayotga izchil tatbiq etilayotganini ko‘rsatmoqda.
Sanjar Kodirqulov,
Davlat kadastrlari palatasining
Jizzax viloyati boshqarmasining boshlig‘i
O‘zA