English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xatirchiliklarning muammolari hal etiladi
11:10 / 2023-05-23

Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov aholi murojaatlarini joyida o‘rganib, ularga ijobiy yechim topish maqsadida Xatirchi tumanining “Istiqlol” mahallasi aholisi uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabulda fuqarolarning sog‘liqni saqlash, ishga joylashish, shuningdek, toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, elektr toki quvvatini oshirish choralarini ko‘rish, yaroqsiz simyog‘ochlarni yangisiga almashtirish, yog‘ingarchiliklar payti yuz beradigan sel yo‘lini tozalash, oilaviy shifokor punktini rekonstruksiya qilish, yo‘llar hamda ko‘prikni ta’mirlash kabi masalalarda 50 ga yaqin murojaat tinglandi.

Ularning aksariyati shu yerning o‘zida bartaraf etilib, o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar yechimi yuzasidan choralar belgilandi. Mahalladagi Yangi hayot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Farog‘at Sultonova viloyat hokimiga murojaat qilib, uyini qayta qurish va sog‘ligini tiklashga yordam berishini so‘radi. Viloyat rahbari fuqaroning xonadonida bo‘lib, muammolarni o‘rgandi.

– 1959 yilda tug‘ilganman, – deydi F.Sultonova. – 10 yil ilgari turmush o‘rtog‘imdan ayrilib, yolg‘iz qizim bilan qoldim. O‘zimning sog‘ligim yaxshimas. Uyda erkak kishi bo‘lmagandan keyin uy ham qarovsizlikdan nochor ahvolga kelib qolar ekan. Bugun viloyat hokimining qishlog‘imizga kelishini eshitib, amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Hokimimiz uyimizni ta’mirlashga va davolanishim uchun mas’ullarga topshiriqlar berdi. Murojaatim ijobiy hal etilganidan xursandman. Qishloqda fuqarolarning bir qator murojaatlarini tinglagan hokim xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida bo‘sh turgan hovlini ta’mirlab, tikuvchilik va pazandachilik sexlari tashkil qilish uchun ko‘rsatmalar berdi. 
Tashrif chog‘ida viloyat rahbari hududdagi 59-umumta’lim maktabining “Yangi hayot” qishlog‘idagi filialini qurishga ajratilgan maydonni borib ko‘rdi. 

Qishloqdagi 1-guruh nogironligi bo‘lgan A.Hamroyevning so‘roviga ko‘ra, uning uyi zararkunanda hashoratlarga qarshi dezinfeksiyalanib, supasi beton qoplama bilan yopiladigan bo‘ldi. Hokim topshirig‘iga ko‘ra, “Istiqlol” MFY Yangi hayot qishlog‘ida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi. Viloyat davolash profilaktika muassasalarining yetakchi tor soha mutaxassislari tomonidan 100 nafarga yaqin fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 2 nafariga tuman, 4 nafariga viloyat shifoxonasida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi. Shuningdek, ko‘rik davomida mutaxassislar yotoqdagi bemorlar holidan xabar oldi. 

Shu kunlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlash muhim pallaga kirgan. Viloyat hokimi “Aziz”, “Ollayorov Jahongir kelajagi” va “Aziza Nigora Shavkat” nomli fermer xo‘jaliklari dalalarida bo‘lib, mavsumiy agrotexnik tadbirlarning qanday amalga oshirilayotgani bilan qiziqdi.

Tashrif chog‘ida viloyat rahbari g‘o‘za unib chiqqan maydonlarda turli o‘simliklar kasalliklariga qarshi olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirib, jarayonni tanqidiy tahlil qilgan holda barcha agrotexnik tadbirlarni sifatli amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar berdi. 
Shuningdek, N.Tursunov hududdagi “Oq oltin” meliorativ nasos stansiyasida bo‘lib, Quyi Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasiga qarashli nasos stansiyalarini davlat-xususiy sherikchilik asosida xususiy sektorga berish borasidagi ishlarning borishini o‘rgandi. 

A.Bo‘riyev, O‘zA