English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xatirchida yangi ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi
21:01 / 2026-01-03

Navoiy viloyati Xatirchi tumanida sanoatni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan yana bir muhim loyiha amaliyotga tatbiq etildi.

Tumanning “Bog‘ishamol” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan “GOLD DOORS SERVIS” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli mebel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.

Mazkur korxona Xitoy texnologiyalari asosida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, bu ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini ta’minlashda muhim omil hisoblanadi. Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushirilishi mahalliy bozorni sifatli mebel mahsulotlari bilan ta’minlash, import o‘rnini bosish hamda kelgusida eksport imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ushbu loyiha tuman sanoat salohiyatini oshirish bilan birga mahalliy ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Eng muhimi, korxona faoliyati natijasida 40 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratilib, mahalla aholisi, asosan, yoshlar va ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanmoqda.

Albatta, bunday ishlab chiqarish korxonalarining tashkil etilishi hududlarda iqtisodiy faollikni oshirish, aholining daromad manbalarini kengaytirish va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil hisoblanadi. “GOLD DOORS SERVIS” MCHJ tomonidan amalga oshirilgan mazkur loyiha esa Xatirchi tumanida sanoatni rivojlantirish yo‘lida navbatdagi amaliy qadamlardan biridir. 

A.Bo‘riyev, O‘zA