Navoiy viloyatida kuzgi boshoqli don ekishga yerlarni tayyorlash va fermerlarga zarur tavsiyalar berish maqsadida ko‘rgazmali amaliy seminarlar o‘tkazilmoqda.
Xatirchi tumanining “Oydin Yulduz porlog‘i” fermer xo‘jaligida o‘tkazilgan seminarda tuman hokimligi, qishloq xo‘jaligi masalalari bo‘yicha mas’ullar hamda hududdagi fermer xo‘jaligi raislari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish Inspeksiyasi tuman bo‘limi xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda 2022 yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekishga yerlarni konvert usulida tayyorlash, urug‘lik donni tanlash, yer maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish ishlari o‘z vaqtida olib borilishi alohida ta’kidlandi.

Xatirchida joriy yil 11 228 gektar maydonga boshoqli donning “Asr”, “Drujba”, “Kroshka”, “Vassa”, “Grom”, “Davr”, “O‘zbekiston 25” navlari ekilishi rejalashtirilgan.
– Tuman bo‘yicha 5 dona don ekish seyalkalari mavjud bo‘lib, ular soz holatda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning tuman bo‘limi inspektori Alisher Ashurov. – Fermerlar bilan uchrashib, kuzgi boshoqli don ekish tadbirlarini kechiktirmay, o‘z muddatida va sifatli tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berib kelmoqdamiz.
Tumandagi “Oydin Yulduz porlog‘i” fermer xo‘jaligining 42,8 gektar yer maydoniga don ekilishi mo‘ljallangan. Shu kuni fermer xo‘jaligining 11 gektar maydoni tekislanib, donning “Asr” navidan ekildi.
Ma’lumot uchun tumanda don ekish tadbirlarini 25 sentyabrgacha yakunlash ko‘zda tutilgan.
Zulfiya Boboyeva,
“O‘zagroinspeksiya” viloyat boshqarmasi
matbuot xizmati rahbari
O‘zA