Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Xatirchi tumanida bo‘lib aholini qiynab kelayotgan muammolarni joyida hal etish yuzasidan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Dastlab tuman hokimligida bundan bir hafta oldin hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, muammolarni hal etish va ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha tanqidiy-tahliliy o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosi muhokama etildi.
Unda o‘tgan yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan har bir masala ijrosi yuzasidan mas’ullarning axborotlari tinglandi va ularga tegishli topshiriqlar berildi.
Shundan so‘ng, viloyat hokimi tumanning “Uchqora” va “Mirdosh” mahallalari aholisi bilan uchrashib, ularni qiynab kelayotgan muammolarini hal etish maqsadida viloyat va tuman sektor rahbarlari hamda tegishli tashkilot rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazdi.
Qabulda aholi tomonidan asosan ichimlik suvi bilan ta’minlash, ichki yo‘llarga asfalt yotqizish, tibbiy xizmat ko‘rsatish, davolanish uchun yo‘llanma ajratish, elektr energiyasi, ko‘chalarni tungi yoritish chiroqlari bilan ta’minlash, maktabgacha ta’lim muassasasi bunyod etish va boshqa bir qator masalalar yuzasidan murojaatlar qilindi.
Sayyor qabullarda fuqarolar tomonidan bildirilgan har bir murojaat viloyat hokimi tomonidan alohida nazoratga olinib, ularni o‘rganish va ijobiy hal etish bo‘yicha mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi.
Viloyat hokimining navbatdagi manzili “Novja” mahallasi bo‘ldi. Ayni kunlarda mazkur mahalla hududida “Obod ko‘cha”, “Obod xonadon”, “Obod mahalla” loyihalari doirasida keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyat rahbari ushbu yangidan bunyod etilayotgan mahalla binosi qurilishini ko‘zdan kechirib, ishlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan o‘z takliflarini berdi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA