O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida jamoat ehtiyojlari uchun ayrim yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Navoiy viloyati hokimligi bir oy muddatda:
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda yo‘l qurilishi hududiga tushgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini belgilangan tartibda baholatadi va baholash hujjatlariga asosan yetkazilgan zararlarni qoplash uchun zarur bo‘ladigan mablag‘ miqdoriga aniqlik kiritadi;
Respublika kompensatsiya jamg‘armasidan mablag‘ ajratish uchun talab etiladigan tegishli hujjatlarni Respublika kompensatsiya jamg‘armasi Kuzatuv kengashiga taqdim etadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi Respublika kompensatsiya jamg‘armasi Kuzatuv kengashining mablag‘ ajratish to‘g‘risidagi tegishli qaroriga asosan Respublika kompensatsiya jamg‘armasidan Navoiy viloyati hokimligi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha hududiy maqsadli jamg‘armasiga zarur mablag‘larni ajratadi.
Hududiy kompensatsiya jamg‘armasiga ajratiladigan mablag‘lar “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan tartibga qat’iy rioya qilgan holda mulkdorlarga to‘lab beriladi.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan yetkazilgan zararlarni qoplash uchun ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi bo‘yicha belgilangan tartibda nazorat o‘rnatadi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq, O‘zbekiston Respublikasining “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida” 2025 yil 1 apreldagi PQ-132-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida:
Navoiy viloyatida ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatga asosan Xatirchi tumani markazidan o‘tuvchi 4R56 “Oqtosh sh. -Yangirabot sh. - Langar k. - Chuya q.” avtomobil yulining 11 - 16 km qismini rekonstruksiya qilish;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika hududlarini jadal kompleks rivojlantirish uchun tanlab olingan tuman (shahar)larda amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida” 2025 yil 1 apreldagi PQ-132-son qarori bilan tasdiqlangan Xatirchi tumanini 2025-2026 yillarda jadal kompleks rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha dasturga muvofik:
tuman markazidan o‘tuvchi 4R56 avtomobil yo‘lining 11 - 16 km qismini rekonstruksiya qilish ishlarini yakunlash uchun yo‘l qurilishi ta’sir doirasiga tushgan turar va noturar ob’ektlarni ko‘chirish masalasini hal etish;
yo‘l qurilishini yakunlash uchun uning ta’sir doirasiga tushgan turar va noturar ob’ektlarga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish bo‘yicha respublika maqsadli jamg‘armasidan 14,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratish nazarda tutilgan edi.
O‘zA