Prezident tashrifi
“O‘zbekiston – Turkiya” parlamentlararo дўстлик guruhi raisi ikki davlat munosabatlari dinamikasiga e’tibor qaratdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning taklifiga binoan bugun, 29 yanvar kuni rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.
Turkiyaning mashhur nashri – “Sabah” gazetasida “O‘zbekiston – Turkiya” parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Osman МЕСТЕНнинг fikrlari iqtibos keltirilgan maxsus maqola chop etildi. Materialda davlat rahbarlari ishtirok etadigan Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etilgan. Iqtisodiyot, investitsiya va ta’lim sohalarida yangi qadamlar qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.

– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimizga kelmoqda. Prezident tashrifi nafaqat Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabat, balki tarixiy rishtalar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ikki do‘st va qardosh davlatning mintaqaviy va global hamkorligini ham mustahkamlaydi. O‘zbekiston ajdodlarimiz yurti, bu qadimiy zaminda qardoshlarimiz bilan aloqalarimiz har doim rivojlangan, – dedi Osman Mesten.
Anadoluga ziyo taratgan avliyolar
Garchi ajdodlarimiz X asrda Movarounnahrni tark etib, Anadoluga kelib joylashgan bo‘lsalar-da, bu qadimiy zamindagi birodarlarimiz bilan munosabatlarimiz hech qachon uzilmagan. Zero, Movarounnahr allomalari yuzlab yillar davomida Anadoluga, qolaversa, butun dunyoga ziyo taratgan. Konyaga ma’no keltirgan Mavlono Jaloliddin Rumiy, Bursani munavvar etgan Amir Sulton Buxoriy, Anqarani yoritgan Shayx Ali Samarqandiy va Istanbul madrasalarida ilm nurini taratgan Ali Qushchi bu zamindan Turkiyaga kelgan 2500 dan ziyod olim va avliyolarning ba’zilari, xolos.
Biz, turklar bu chuqur va boy tarixni o‘z tariximiz deb bilamiz. Biz O‘zbekistonning buyuk olimlarini butun turkiy dunyoning umumiy qadriyati deb ardoqlaymiz.
Do‘st boshga kulfat tushganda bilinadi
O‘zbek qardoshlarimizda “do‘st boshga kulfat tushganda bilinadi” degan ibora bor. Bu bizning “Do‘st kara gunde belli olur” degan maqolimiz bilan bir xil. Tarix shohidki, ushbu hikmatlar hech qachon shunchaki so‘z bo‘lib qolmagan, o‘zbek qardoshlarimiz eng qiyin paytlarda biz bilan birga bo‘lgan, hech qachon yordamini ayamagan. “Asr falokati” deb ta’riflangan 2023 yil 6 fevraldagi zilziladan so‘ng eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlardan biri – Xatayda janob Shavkat Mirziyoyevning ko‘rsatmasi bilan barpo etilgan “O‘zbekiston” turar-joy majmuasi ochilishiga barchamiz guvoh bo‘lamiz.
Yana bir jihat. O‘zbek tilidagi “Birlashgan o‘zar, birlashmagan to‘zar” maqoli ham Anadoluda uchrashi shubhasiz. Bu dono hikmat muvaffaqiyatga erishish uchun hamjihat bo‘lishni anglatadi. Shavkat Mirziyoyev davrida O‘zbekiston – Turkiya munosabatlari mustahkamlandi.
Bugungi kunda ikkala tomon ham barcha imkoniyatlardan foydalangan holda bir-birini keng qo‘llab-quvvatlamoqda. Ishonchimiz komilki, bu munosabatlar Strategik hamkorlik kengashining to‘rtinchi yig‘ilishi bilan yanada rivojlanadi.
Qardosh mamlakat O‘zbekiston bilan savdo hajmi 3,1 milliard dollarga yetdi, 5 milliard dollarlik savdo hajmi maqsadiga erishish uchun sa’y-harakatlar davom etyapti. 2025 yilda Turkiyaning O‘zbekistondagi investorlar ro‘yxatida 2,6 milliard dollar bilan uchinchi o‘rinni egallagani juda quvonchli.
O‘zbekistonda 2100 ga yaqin turk kompaniyalari mamlakat iqtisodiyoti, rivojlanishi va bandligini qo‘llab-quvvatlamoqda. Rejep Tayyip Erdog‘an va Shavkat Mirziyoyev kabi rahbarlarning irodasi va kuchli jamoatchilik qo‘llab-quvvatlashi bilan ilgari xayol bo‘lgan ko‘plab orzular ro‘yobga chiqishiga shubham yo‘q. Bu bizning umumiy qadriyatlarimiz va birodarlik rishtalarimiz tufaylidir.
Yangi g‘oya – “Yangi O‘zbekiston”
O‘zbekistonda bo‘lgan vaqtimdagi kuzatishlarimga asoslanib, bir narsani aniq ayta olaman: bugungi O‘zbekiston 10 yil avvalgidan butunlay farq qiladi. “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasi ta’sirini hamma joyda ko‘rishingiz mumkin. Buyuk va chuqur tarixiy poydevorlar ustida yuksalayotgan mamlakatga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 26 dekabrda Parlament va O‘zbekiston halqiga Murojaati Yangi O‘zbekiston jarayonining qanchalik barqaror va tez rivojlanayotgani ko‘rsatish barobarida, 2026 yil mamlakat uchun burilish nuqtasi bo‘lishini ham namoyon etmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ko‘rsatilganidek, 2030 yilga borib 160 milliard dollarlik yalpi ichki mahsulotga erishish maqsadiga 2026 yildayoq erishish kutilmoqda, yangi maqsad qilib esa 240 milliard dollarlik marra belgilanmoqda. Bularning barchasi so‘nggi yillardagi chuqur iqtisodiy islohotlar va investitsiyalar tufayli imkon topmoqda.
Yangi O‘zbekiston yoshlar ishtirokida qurilmoqda
Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonni qurishda yoshlarga tayanmoqda. Raqamlar bilan aytganda, ilgari atigi 27 foiz bo‘lgan bolalar bog‘chalari va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi qamrov bugungi kunda 78 foizdan oshdi. 2017 yilda 8 foiz bo‘lgan oliy ta’lim qamrovi esa 50 foizga yaqinlashyapti. 2026 yilda Yangi O‘zbekiston ta’lim borasida ham yangi bosqichga o‘tadi. Biz bunga davlat rahbarining Turkiyaga tashrifi davomida guvoh bo‘lamiz. Chet elda birinchi o‘zbek maktabining qurilishi boshlanadi.
Uchinchi Renessans nishonalari
X va XII asrlarda Birinchi Renessans, XV asrda esa Ikkinchi Renessansga mezbonlik qilgan hozirgi O‘zbekistonda Uchinchi Renessansning nishonalari yuzaga chiqmoqda. Ushbu tasavvur har bir sohada chuqur va jadal ravishda innovatsiyalarni amalga oshirish, texnologiyalar bilan hamqadam bo‘lish, fuqarolar farovonligini oshirish uchun iqtisodiyotni rivojlantirishga va tarixda bo‘lgani kabi bilim va tafakkurga asoslangan sivilizatsiya barpo etishga qaratilgan.
O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi ochiladi
2026 yilda O‘zbekistonda kutilayotgan yana bir juda muhim voqea shuki, Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan boshlangan loyiha – O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi kutilyapti. Bu muazzam maskan dunyoda mislsiz, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ushbu inshootda mamlakatning ming yillik tarixi, ya’ni tariximiz zamonaviy texnologiyalar yordamida aks ettiriladi.
Dunyodagi eng qadimgi Qur’oni karim nusxasi – Usmon Mushafi markaz gumbazi ostidagi makonda joy oladi. O‘tgan yil janob Shavkat Mirziyoyev shunday degan edi: “O‘zbekiston ulug‘ tarixga ega. Buyuk ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan ilmiy va madaniy meros insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Bu markaz bilan tanishgan har bir xorijlik mehmon shunday buyuk tarix va madaniyatga ega bo‘lgan o‘zbek xalqiga ta’zim bilan chiqib ketishiga ishonaman”.
O‘zA muxbiri Behruz XUDOYBERDIEV tayyorladi.