English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xasta ko‘ngillarga mehr ulashib...
18:55 / 2024-10-08

Yurtimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bor oila farzandlarini tibbiy-ijtimoiy va manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2021 yil 4 oktyabrda Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etilgan edi. Joriy yil ushbu sanaga 3 yil to‘ldi.

Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tashkil topganligining 3 yilligi hamda mustaqilligimizning 33 yilligi munosabati bilan “Vatan – bolajonlar nigohida” tanlovi o‘tkazildi. Bugun mazkur tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimiga bag‘ishlangan ijtimoiy xayriya tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi, Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Mavluda Xo‘jayeva Fondning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyatiga to‘xtalar ekan, 10 mingdan ortiq bolajonlarga turli yo‘nalishlarda tibbiy-ijtimoiy, psixologik va manzilli yordamlar ko‘rsatilgani, 110 dan ortiq bolalar xorijda davolanganini qayd etdi.

Shuningdek, 2000 nafar bolaga mahalliy shifokorlar ishtirokida operatsiya amaliyotlari o‘tkazildi. 220 nafar bolaga ijtimoiy holatidan kelib chiqib, turli yordamlar ko‘rsatildi. 1 ming 305 nafar bolaning ta’lim olishi uchun zarur adabiyotlar, texnik asbob-uskunalar, o‘quv qurollari xarid qilindi. 33 nafar bola kasb-hunarga o‘qitilib, o‘zini-o‘zi band qilishi uchun zarur asbob-uskunalar olib berildi. Viloyatdagi mutaxassislar uchun mingga yaqin mahorat darslari o‘tkazildi. Turkiyaning yuqori malakali ortopedlar guruhining tashrifi davomida 470 nafar bemor bolalar tibbiy-ko‘rikdan o‘tkazildi hamda 25 nafariga tug‘ma skolioz tashxisi asosida va 40 nafariga respublika darajasida qilib bo‘lmaydigan murakkab plastik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

[gallery-19651]

Tadbirda so‘zga chiqqanlar Bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan shu kungacha ehtiyojmand oila farzandlariga tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatilgani, bu xayrli ishlar yil yakuniga qadar bardavom bo‘lib, yana ko‘plab oilalarga quvonch va shodlik ulashilishini alohida ta’kidladi.

Fond tomonidan “Orfan” kasalliklar turkumiga kiruvchi “Nomukammal osteogenez” kasalligiga chalingan bemor bolalarni davolash uchun Respublika bolalar ortopediya markaziga jami qiymati 7 mlrd. so‘m bo‘lgan 70 dona asbob-uskuna to‘plamlari topshirildi.

Tadbir doirasida mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida o‘tkazilgan “Vatan – bolajonlar nigohida” tanlovi g‘oliblari ham munosib taqdirlandi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt ichida 120 dan ortiq bolajonlardan turli mazmundagi 200 ga yaqin ijodiy ishlar kelib tushdi. Hay’at a’zolari tomonidan har bir ish munosib baholanib, muallif bolajonlar turli nominatsiyalar bo‘yicha tantanali taqdirlandi.

Tadbir doirasida bemor bolajonlar tomonidan yaratilgan ijodiy ishlarning “Savdo yarmarkasi” ham tashkil etildi. Shuningdek, Respublika bolalar ortopediya markazida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlar noyob xastalikka chalingan bemor bolalar hayotini saqlash qolish, ularning sog‘ayib, tengdoshlari qatorida bo‘lishlariga erishish hamda bemor bolajonlar tomonidan yaratilgan qo‘l mehnati namunalarini, ijodiy ishlarini munosib rag‘batlantirishda, ularning ruhiyatini ko‘tarishda muhim o‘rin tutadi.

Muhtarama Komilova, Alimurod Mamadaminov (surat), O‘zA


--0--