Xastalik bilan kurashayotgan, qonga muhtoj bolalarga yordam berish jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi insoniylik burchidir. Bemor bolajonlar uchun qilingan har bir harakat ularning salomatligi hamda ota-onasi va yaqinlarining quvonchiga sababchi bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan o‘tkazib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!” shiori ostidagi beg‘araz donorlik aksiyasi donorlik harakatini rivojlantirish hamda bemor bolalarni himoya qilishga qaratilgan hayotiy aksiyadir. Partiyaning navbatdagi donorlik aksiyasiga joriy yilning 2 iyun kuni start berildi. 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan o‘tkazilgan aksiyada partiya faollari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari, vazirlik va idoralar xodimlari ishtirok etdi.
Donorlik aksiyasida “Adolat” SDP Siyosiy Kenashi raisi Robaxon Mahmudova har bir bola xalqimiz kelajagi, ertangi hayotimizning asosi ekanini ta’kidlab, ushbu xayrli tadbir nafaqat insonparvarlikning, balki milliy bag‘rikenglik va hamjihatlikning yorqin namunasi ekanini qayd etdi.
Ta’kidlash joizki, partiyaning ushbu aksiyasidan ko‘zlangan maqsad bemor bolalar salomatligini tiklashda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, aholi o‘rtasida beg‘araz yordam muhitini kuchaytirish, bolalar uchun qon zaxirasini to‘ldirish, aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirishdan iborat.
Mazkur donorlik aksiyasida ishtirok etish faqatgina tibbiy ehtiyojni qondirish emas, balki mehr-oqibat va mas’uliyat tuyg‘usining amaldagi ifodasidir. Shunday ekan, donorlik harakatiga har bir inson o‘z hissasini qo‘shsa, xastalikdan ozor chekayotgan bolalar salomatligi tiklanishi, hayotga qaytishi, qancha oilalarga baxt ulashilishi mumkin.
— Yurtimizda beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish, ko‘ngilli donorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga e’tibor qaratib kelinadi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev. — Ushbu sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlash maqsadida “Donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildik. Unga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar uchun bir yo‘la beriladigan pul mukofoti miqdori oshirildi. Ularga shahar yo‘lovchilar transportidan bepul foydalanish, o‘zlari uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish hamda sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berildi. Donorlik harakatini ommalashtirishda partiyamizning ushbu aksiyasi muhim o‘rin tutadi. Har yili minglab yurtdoshlarimiz o‘z ixtiyori bilan donorlik harakatida ishtirok etib, xasta bolalar salomatligini saqlashga ko‘mak berishayotgani e’tiborga molikdir.
Darhaqiqat, 9 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan mazkur aksiyada 9 ming 517 litr qon yig‘ilib, bu orqali 44 ming 321 nafar bolajonning salomatligini tiklash va hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shilgan.
Beg‘araz donorlik harakatida ishtirok etish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz joriy yilning 13 iyuniga qadar soat 9:00 dan – 16:00 gacha Respublika qon qo‘yish markazi hamda uning hududiy bo‘limlariga kelib, bolalar himoyasi va salomatligi yo‘lida hissa qo‘shishlari mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GWNSPiw0D80" title="Xasta bolalar salomatligi yo‘lidagi hayotiy aksiya" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA