Namangan viloyatidagi shifo maskanlarida “Tibbiyotdagi islohotlar inson qadri uchun” tamoyilini hayotga tatbiq etishda xalqaro hamkorlik aloqalari yaxshi samara bermoqda. Bu borada Respublika Ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali tomonidan yana bir xayrli ishga qo‘l urildi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘magi, AQSHning “The Stirling Foundation” fondi homiyligi, “Global Cardiac Alliance” xayriya tashkiloti hamkorligida tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan bolalar uchun bepul tibbiy ko‘rik va kardiojarrohlik amaliyotlariga kirishildi.
Aksiya doirasida yurtimizga AQSH, Polsha, Serbiya, Ukraina, Belarus, Litva kabi davlatlardan tashrif buyurgan 15 nafar malakali shifokor-mutaxassis dastavval, yurak xastaligiga chalingan yoki tug‘ma yurak nuqsoni bor jajjilarni bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishdi. Amerikalik taniqli kardioxirurg Villam Mixael Novisk boshchiligida murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi zarur bo‘lgan xasta bolajonlarni tanlab oldi. Bunda, kardiologiya markazi ma’muriyati ijtimoiy daftarlarga kiritilgan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar farzandlariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-25911]
– Prezidentimiz tomonidan tibbiyot sohasida o‘zaro hamkorlik uchun keng yo‘l ochib berilayotgani natijasida muassasamizning bu boradagi amaliy sa’y-harakatlari toboara takomillashmoqda. Birgina oxirgi ikki yilda shifoxonamizga yigirmadan ziyod davlat shifokorlari kelib tajriba almashishdi. Bizda oldinlari 16 xil amaliyotlar bajarilgan bo‘lsa, endi ularning soni 85 turga yetkazildi, – deydi Respublika Ixtisoslashtirilgan Kardiologiya ilmiy amaliy tibbiyot markazi Namangan filiali direktori, tibbiyot fanlari nomzodi Solijon Mo‘minov. – Navbatdagi chet ellik shifokorlarning tashrifi yurak xastaligidan og‘riyotgan bolalarning ota-onalari ko‘nglida umid va ishonch uyg‘otdi. Jahonga mashhur mutaxassislar guruhi astoydil ishga kirishdi va jarrohlik amaliyoti uchun saralangan bolalarni yana bir bor chuqurlashtirilgan tekshiruvlardan o‘tkazdi. Tug‘ma yurak porogi va shunga o‘xshash og‘ir asoratdagi 30 dan ziyod kichkintoylarda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Quvonarlisi, xarajatlar to‘liq davlat tibbiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan qoplanadi.
Yangi Namangan tumani Ishonch mahallasida yashovchi Munavvar Rahmonaliyevaning endigina 3,5 yoshga to‘lgan qizalog‘i Mubina Olimjonova tug‘ilganidan beri yurak porogidan aziyat chekadi. Xorijlik kardiojarrohlar va mahalliy shifokor Nuriddin Bahriddinov tomonidan to‘rt soat davom etgan operatsiyadan so‘ng qizaloqdagi kamchiliklar bartaraf qilindi. Endilikda u sog‘lom bolajonlar qatoriga qaytadi. Bundan yosh bemorning butun oila a’zolari bag‘oyat minnatdor.
– Men Amerikaning xalqaro tashkiloti klinikasida ko‘p yillardan buyon ishlayman. Biz yuragi xasta bo‘lgan bolalarga jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun Namanganga keldik, – deydi ukrainalik kardiojarroh Oleksandr Golovenko. – Tashkilotimiz jahon bo‘ylab bemor bolalarda kardiojarrohlik amaliyoti o‘tkazadi. Bunda mahalliy salohiyatni oshirish, barqarorlikni ta’minlashga intilamiz. Ya’ni, dastur ma’lum bir mamlakatda yakunlangach, mahalliy kardiologlar mustaqil ravishda operatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Umid qilamizki, sa’y-harakatimiz tufayli ko‘plab bolalarga qayta hayot baxsh etiladi.
Xullas, tug‘ma yurak nuqsoni aniqlangan bolalarda bepul kardiojarrohlik amaliyoti va tibbiy ko‘rik aksiyasi yuksak mahorat va malaka uyg‘unligida qizg‘in olib borilmoqda. O‘z navbatida, bunday ezgu tashabbuslar orqali ko‘plab bolalar sog‘lom hayotga qaytishadi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA.