Har birimiz savdo do‘konlaridan kunda yoxud kunora ehtiyojimiz uchun nimadir xarid qilamiz. Ko‘p hollarda xaridimiz uchun beriladigan chekni sotuvchilar taqdim etmaydi yoki o‘zimiz talab qilmaymiz. Holbuki, chekni talab qilish – davlat byudjetiga soliqlar tushumi ortishiga, yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishiga xizmat qiladi.
Oramizda bizga arzimasdek hisoblangan xarid chekini olishga erinmaydigan, bu boradagi huquqlarini yaxshi biladigan fuqarolar ham yo‘q emas. Aynan ana shunday yurtdoshlarimizning e’tibori tufayli ayrim tadbirkorlik sub’ektlarining haqiqiy daromadini yashirishga urinayotgani fosh bo‘lmoqda.
Iste’molchilarga xarid cheki berilmaslik holatlari bo‘yicha aholidan kelib tushayotgan murojaatlar, ana shu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha davlat soliq xizmati idoralariga “Soliq hamkor” tizimi orqali kelayotgan murojaatlar soha xodimlari tomonidan sayyor tekshiruvlar o‘tkazilmoqda.
Asaka tumani soliq inspeksiyasiga tumandagi un savdosi bilan shug‘ullanuvchi “Sharq savdo gavhari” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli do‘konda xaridorlarga xarid cheki berilmayotganligi yuzasidan xabar kelib tushgan. Murojaatda ko‘rsatilgan manzilda sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazildi. Ushbu savdo nuqtasida onlayn-NKM kassa mashinasi o‘rnatilgan bo‘lsa-da, undan doimiy foydalanilmayotgani, oqibatda bir kunning o‘zida 11 million 651 ming so‘mlik naqd savdo puli ham kirim qilinmaganligi ayon bo‘ldi.
Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Nargizabonu” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixonada ham naqd pulni yashirish va shu orqali soliqdan qochish holati aniqlandi. Xarid uchun chekning berilmaganligi tufayli olib borilgan surishtiruv natijasida kun davomida savdodan tushgan 1 million 109 ming so‘m naqd pul ham kassaga krim qilinmaganligi oshkor bo‘ldi.
Asaka tumani Dasturxonchi mahallasi hududida joylashgan “Andtosh – kelajak” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli avtomobillarga gaz quyish shoxobchasida xaridorga 35 ming so‘mlik xarid uchun kassa cheki berilmagan. Xolislar ishtirokida g‘aznadagi savdo pullari sanoqdan o‘tkazilganida o‘sha kuni 16 million 57 ming so‘m naqd pul onlayn nazorat kassa mashinasiga kirim qilinmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Yuqoridagi holatlar bo‘yicha soliq idorasi xodimlari tomonidan tegishli shaxslarga nisbatan belgilangan tartibda ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirildi.
Shu o‘rinda savdo qoidalariga rioya etmayotgan tadbirkorlar unutmasliklari kerak. Ya’ni xarid uchun chek berishni rad etish yoki chekni bermaslik O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 221-moddasiga muvofiq 5 million so‘m miqdoridagi jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
Andijon viloyatida davlat soliq idoralari tomonidan yuqoridagi kabi holatlarning oldini olish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
F. UBAYDULLAEV, O‘zA