Aholining murojaatiga asosan 2024 yilning noyabr oyida O‘zA saytida “Olis qishloqning ichimlik suvi muammosi hal bo‘ladimi?” sarlavhali tanqidiy maqola bergandik.
Unda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani Xaribuloq qishlog‘i aholisini qiynab kelayotgan ichimlik suvi muammosi, 4-5 kilometr olis masofadagi buloqlardan mashaqqat bilan tashib kelinayotgan suv, qishloqdagi suvi kamayib qolgan yagona quduq va hokazolar haqida hikoya qilgandik.
Ushbu muammo yuzasidan mas’ullarning fikrlari ham olingandi. Unga ko‘ra, o‘sha yilning oxiriga qadar qo‘shni Kalta qishlog‘i tepasidagi Oqbuloqdan suv tortib kelishi aytilgandi.
Suv tortib kelish uchun maxsus texnikalarning ishlayotgani, transheyalarning qazilayotgani, plastmassa quvurlarning keltirilgani har holda mas’ullarning va’dasini oqlaganday bo‘lgandi o‘shanda. Lekin, afsuski, suv quvurining tortib kelinishi ortga surilib ketdi.
Nihoyat mas’ullarning va’dasi oradan qariyb bir yilga yaqin vaqt o‘tib, mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi arafasida amalga oshibdi. Xaribuloqqa suv keltirilibdi.
Aholining quvonchiga sherik bo‘lish maqsadida biz ham manzilda bo‘ldik. Tuman markazidan qariyb 200 kilometr uzoqlikda joylashgan Xaribuloq qishlog‘i aholisining asosiy daromadi chorvachilikdan. Hududda nafaqat ichimlik suvi, balki oqova suv ham muammo. Tog‘li hudud bo‘lishiga qaramay, ekinlar lalmi yetishtiriladi. Shu kungacha odamlarni qiynab kelayotgan asosiy muammolardan biri ichimlik suvi bo‘lib kelgan.
Qishloq markazigacha tortib kelingan quvurdan sharillab suv oqib turibdi. Qishloq ayollari yaratilgan qulaylikdan mamnun holda idishlarini suvga to‘ldirib ketmoqda.
– Insoniyat har qanday muammoga chidashi mumkin, lekin suvsizlikka chiday olmaydi, – deydi xaribuloqlik Robiza Alovxonova. – Ayniqsa, ro‘zg‘or ishlarida ayollarimiz juda qiynalishardi. 4-5 kilometr masofadagi chashmalardan farzandlarimiz 2-3 soatlab eshakda suv tashib kelardi. Oilasida suv tashiydigan bolalar yo‘q xonadonlar, yolg‘iz yashaydigan keksalar bor, suv muammosidan juda aziyat chekardik. Mana, nihoyat ichimlik suvi keldi. Bundan biz xotin-qizlar juda xursandmiz.
Suv keltirgan savob, deydilar. Endi olis masofaga suv olib kelish uchun qatnashning hojati yo‘q. Qishloqning qaysi bir fuqarosi bilan gaplashmaylik, shukronalik keltiradi. Muammosi yechilganidan xursand ekanini izhor qiladi.
– Mahallamizda 8 ta qishloq bor va unda 5 ming nafardan ziyod aholi yashaydi, – deydi “Duob” MFY raisi Xudoyberdi Aliqulov. – Prezidentimiz olib borayotgan islohotlarga mos ravishda hozirgi kunda 5 ta qishlog‘imizda suv muammosiga barham berildi. Shundan uchtasiga: Xaribuloq, Duob va Qizilmazor qishloqlariga shu yilning o‘zida ichimlik suvi quvuri tortib borildi. Jumladan, Xaribuloq qishlog‘i aholisi ham ichimlik suvi masalasida qiynalib kelardi. Suv keltirildi. Aholimiz juda mamnun. Hozirgi kunda Dikmaron qishlog‘ida ham xuddi shunday muammo bor. Kelgusida u yerga ham ichimlik suvi tortib borish reja qilingan.
Aslida sobiq tuzum davrida qo‘shni tog‘ etagida joylashgan Kalta qishlog‘i atrofida joylashgan buloqlardan metall quvur orqali qishloqqa suv keltirilgan. Ammo yillar o‘tib, u qishloqlarda ham aholining ko‘payishi hisobiga buloq suvlari qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish maqsadida ham foydalanila boshlangach, Xaribuloqqa suv kelishi qiyinlasha boshlagan. Ba’zan ikki qishloq odamlari o‘rtasida suv masalasida tortishuvlar ham yuzaga kelgan. Oxiri metall quvurlar kavlab olib tashlangan.
Qishloq o‘rtasida joylashgan yagona quduq ichimlik suvi manbai sifatida qolgan. Ammo keyingi yillarda quduqning suvi ham kamayib ketgan. Bundan tashqari, uning suvi ichimlik uchun yaramay qolgan edi.
[gallery-25312]
– “Duob” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Xaribuloq qishlog‘i aholisi haqiqatdan ham bir necha yillardan buyon ichimlik suvi masalasida qiynalib kelardi, – deydi “Qashqadaryo suv ta’minot” AJ Dehqonobod tuman filiali rahbari Suyun Allanazarov. – Tuman hokimining tashabbusi bilan mahalliy byudjetdan 200 million so‘m mablag‘ ajratilib, 2 kilometr 100 diametrlik quvur, 2 kilometr 50 diametrlik quvur xarid qilinib, “Qashqadaryo suv ta’minoti” AJ maxsus texnikalaridan foydalanib, transhiyalar qazish va quvurlarni ko‘mish ishlari bajarilib, 8 kilometr uzoqlikdagi Oqbuloqdan Xaribuloq qishlog‘iga ichimlik suvi tortib kelindi. Aslida o‘tgan asrning 80-yillarida ham bu qishloqqa ichimlik suvi liniyasi tortilgan edi. Yillar o‘tib quvurlar eskirib, yaroqsiz holga kelib qolgandi. Shu bois 4 kilometr qismiga eski quvurlardan, qolgan 4 kilometriga yangi quvurlardan tortildi. Aholi bundan juda mamnun. Bu ishlar bosqichma-bosqich davom ettirilib, keyingi qishloqlarga ham quvur tortilishi maqsad qilingan.
Suv bor joyda hayot qaynaydi. Atrof yashillikka burkanadi. Muzdek zilol suvdan chanqog‘ingizni qondirar ekansiz, umidbaxsh xayollar kecha boshlaydi ongingizdan. Shu o‘rinda yana bir gap. Suv keldi. Muammolar yechildi, ammo undan tejab-tergab, unumli foydalanish esa yana o‘zimizga bog‘liq.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ZNnmdROdhak?si=jBV0830CrKsIlbZa" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA