French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi
18:48 / 2021-05-21

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda qo‘mitalar yig‘ilishlarida O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2020 yildagi hamda 2021 yil birinchi choragidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi hisoboti muhokama qilinmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida Davlat byudjetining hisobot davridagi ijrosi partiya dasturiy maqsad-vazifalaridan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.

Ma’lumki, 2020 yilda COVID-19 pandemiyasi jahon iqtisodiyotiga sezilarli salbiy ta’sir ko‘rsatdi, dunyoda iqtisodiy retsessiya kuzatildi. Shunga qaramay, O‘zbekistonda ijobiy iqtisodiy o‘sish saqlab qolingani qayd etildi. Bu esa davlat byudjeti ijrosida ijtimoiy sohalarni qo‘llab-quvvatlash, aholi turmush darajasini oshirish hamda ularning ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ta’minlash imkonini berdi.

Deputatlarga taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, 2020 yil davlat byudjeti daromadlari 132,9 trillion so‘mni tashkil etib, belgilangan 128,7 trillion so‘m prognoz 103,3 foizga yoki 4 192 milliard so‘mga oshirib bajarilgan. Hisobot davrida ijtimoiy xarajatlarni moliyalashtirish uchun davlat byudjetidan 74 231,8 milliard so‘m yoki umumiy xarajatlarning 51,5 foizi miqdorida mablag‘ sarflandi.

Ushbu xarajatlarning 85,1 foizi ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Jumladan, Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni, xususan, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarni turar-joy bilan ta’minlashda boshlang‘ich badallarni qaytarmaslik sharti bilan to‘lab berish xarajatlariga 21,7 milliard so‘m, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar va oilalarga, nogironligi bo‘lgan ayollarga 5,9 milliard so‘m miqdorida yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, yig‘ilishda davlat byudjetining 2021 yil birinchi chorakdagi ijrosi ham atroflicha tahlil etildi. Qayd etilganidek, hisobot davrida xarajatlarning ijtimoiy yo‘naltirilganligi saqlab qolindi. Bunda aholi bandligi va real daromadlarini izchil oshirib borish, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, arzon uy-joylar barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish kabi maqsadli dasturlarni amalga oshirish kabi tadbirlarni moliyalashtirish byudjet parametrlarida belgilangan yo‘nalishlar doirasida o‘z vaqtida amalga oshirildi.

O‘zXDP fraksiyasi a’zolari davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari ijrosi yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

Muhtarama Komilova, O‘zA