Chorshanba kuni erta tong Eronda XAMAS rahbari Ismoil Xaniya o‘ldirilishi mintaqaviy va global miqyosda mislsiz shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu voqea Isroil, Falastin va Livan ishtirokidagi mojaro yanada kuchayishi xavfini oshiradi. XAMAS aytishicha, Xaniya yangi Prezidenti inauguratsiyasi bo‘lib o‘tgan Eronda Isroil hujumi oqibatida halok bo‘lgan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ham fojiani tasdiqladi va tergov olib borilayotganini ma’lum qildi.
Isroil tomoni hozircha hech qanday izoh bermadi. XAMASning yuqori martabali mulozimi Sami Abu Zuhriy “Reyter” agentligiga shunday dedi:
– Isroillik bosqinchilar tomonidan Xaniyaning o‘ldirilishi irodamizni sindirishga qaratilgan jiddiy amal. XAMAS shu yo‘lda davom etadi. G‘alabaga ishonchimiz komil.
Prezident Mahmud Abbos suiqasdni qoraladi va G‘arbiy Sohildagi falastin guruhlarini umumiy ish tashlash va ommaviy namoyish o‘tkazishga chaqirdi.
Rossiya Haniyaning o‘ldirilishini “qabul qilib bo‘lmaydigan siyosiy qotillik” sifatida baholadi.
– Bu fojiali harakatni mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydi, endi keskinlik yanada kuchayishi mumkin, – dedi RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov “RIA Novosti”ga. Federal Majlis Federatsiya Kengashi raisi o‘rinbosari Konstantin Kosachyov “Yaqin Sharqda o‘zaro nafrat keskin kuchayishi” kutilayotganini bildirdi.
– Mintaqada qarama-qarshilikning eng qiyin davri boshlanmoqda, – deb yozdi u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
Xitoy TIV ushbu mamlakat “qotillik” harakatiga qarshiligini bildirib, hodisani qoraladi.
Yamanning Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Xusiy jangari guruhi Xaniya vafotini “jinoyatchi-terrorchilik harakat” deb atadi.
– Unga qarshi hujum jirkanch terror jinoyati, qonun va g‘oyalar qo‘pol ravishda buzilishidir, – deb yozdi xusiylar Siyosiy byurosi a’zosi Muhammad Ali Al-Xusiy. Yaman isyonchilari noyabr oyidan beri Qizil dengizdagi kemalarni uchuvchisiz uchoq va raketadan o‘qqa tutib, G‘azodagi urushda falastinliklar bilan birdamligini ko‘rsatmoqda.
Livanning Hizbulloh qurolli guruhi vakillari marhum xotirasiga hamdardlik bildirdi, biroq hech kimni jinoyatda alohida ayblamadi. Ularning fikricha, endi Hizbulloh va XAMAS kabi guruhlar Isroilga qarshi kurashda qat’iyroq bo‘ladi.
Qatar yetakchi yo‘q qilinishini keskin qoralab, bu qilmish dahshatli jinoyat, “xavfli eskalatsiya hamda xalqaro va gumanitar qonunlarni qo‘pol ravishda buzish” ekanini ta’kidladi. Mamlakat TIV bayonotida “oddiy aholini o‘ldirish, o‘ylamasdan uyushtirilgan hujum mintaqani xaosga olib keladi va tinchlik o‘rnatish imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi”, deyilgan.
– Eron xavfsizlik oliy organi Tehronning yaqin ittifoqchisi – Haniya o‘limiga javob strategiyasini aniqlash uchun yig‘ilishi kutilyapti, – dedi uchrashuvdan xabardor manba.
M.Pirmatova,
O‘zA