Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xanchjouda katta kurash musobaqasi o‘tkaziladi
12:03 / 2023-04-24

24 aprel kuni milliy sport turimiz kurash bo‘yicha Xanchjou shahrida o‘tkaziladigan qit’a chempionati hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kurash: World Series Pro” turnirining Osiyo qit’asi saralash bosqichida ishtirok etadigan O‘zbekiston sport delegatsiyasi Xitoyga jo‘nab ketadi.

Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qiladigan Xanchjou shahrida kechadigan qit’a chempionati va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tadigan musobaqada 24 ta davlatdan 400 nafardan ortiq sportchi qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, deyiladi Osiyo kurash konfederatsiyasi xabarida.  

Qit’a chempionati 26-29 aprel kunlari tashkil etiladi. Ertaga 25 aprel kuni mandat komissiyasi va tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Musobaqada dastlab erkaklar va ayollar 4 tadan vaznda, keyingi kunlari esa erkaklar o‘rtasida 3 ta, ayollar o‘rtasida 4 ta vaznda Osiyoning yangi chempionlari nomi aniqlanadi.    

O‘zbekiston kurash federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Xanchjouda o‘tadigan bellashuvlarda erkaklar terma jamoasi bosh murabbiyi Rizamat Soliyev yetakchiligidagi 7 nafar, ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Dilfuza Rahmatova yetakchiligidagi 8 nafar xotin-qiz sportchilarimiz vatanimiz sharafini himoya qiladi.  

Kurash bo‘yicha murabbiylar kengashi qaroriga binoan Xitoy kurash gilamlarida terma jamoamiz a’zolaridan Muhsin Hisomiddinov, Shermuhammad Jandriyev, Javohir Mirzamurodov, Umid Esonov, Hamid Haydarov, Artyom Shturbabin, Abdulaziz Hamroyev o‘z vaznlarida g‘oliblik uchun bahs olib borishadi.    

Osiyo chempionati hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun “Kurash: World Series Pro” turniri qit’a saralash bosqichi musobaqalarini boshqarib borishda 30 nafarga yaqin hakam ishtirok etadi. Musobaqalar davomida murabbiy va hakamlar uchun tegishli sertifikatlar uchun imtihonlar tashkil etiladi.  

T.RO‘ZIEV, O‘zA