2022 yilning 10-25 sentyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tadigan XIX Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlikning borishi va uni ommaviy axborot vositalarida yoritishga bag‘ishlangan birinchi press-brifing o‘tkazildi. Unda dunyoning turli axborot agentligi vakillari, delegatlar oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi.
Brifingda Xanchjou-2022 o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi kotibi o‘rinbosari Chenning bildirishicha, 19-Osiyo o‘yinlarining targ‘iboti borasida olib borilayotgan ishlar shu darajaga yetkaziladiki, bungacha o‘tgan birorta qit’a o‘yiniga axborot vositalari bu qadar ko‘p e’tibor qaratmaganligiga dunyo guvoh bo‘ladi.
Targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish maqsadida Xanchjou-2022ning boshlanguniga qadar yana ikki marta shunday brifing tashkil etilishi rejalashtirilmoqda. Ularning biri kelgusi yilning mayida, ikkinchisi esa iyun oyida tashkillashtirilishi belgilangan.
Aytish joizki, mazkur qit’a o‘yinlarida Osiyo atletlari 40 ta sport turining 61 ta yo‘nalishida 482 ta medallar jamlanmasi uchun bellashadi. Sport musobaqalari 15 kun mobaynida bo‘lib o‘tadi. Ilk bahslar “kichik olimpiada”ning tantanali ochilish marosimidan 4 kun avval, ya’ni 6 sentyabrdan boshlanadi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA