Ma’lumki, joriy yilning sentyabr oyida Xitoyning Xanchjou shahrida XIX yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi.
Mazkur o‘yinlar dasturidan keyingi yillarda jahon sportining ajralmas qismi sifatida ommaviylashib borayotgan kibersport o‘rin olgan bo‘lib, unda yurtimiz vakillari ham qatnashishi kutilmoqda.
Aytish joiz, mamlakatimizda kibersport bo‘yicha O‘zbekiston elektron kompyuter sporti federatsiyasi hamda kibersport assotsiatsiyasi mavjud.
Shunday vaziyatda qaysi tashkilot vakillari kutilayotgan “kichik olimpiada”da Vatan sharafini himoya qiladi?
O‘tgan yilning dekabrida Osiyo olimpiya kengashi "Xanchjou-2022" o‘yinlarida elektron sport turlari bo‘yicha qatnashadigan O‘zbekiston kibersport jamoasini shakllantirishda Milliy olimpiya qo‘mitasi mas’ul ekanligini ma’lum qilgan edi.
2022 yil yanvarida Milliy olimpiya qo‘mitasida har ikkala kibersport tashkiloti rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, "Xanchjou-2022"da ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘radigan milliy terma jamoa tarkibi bo‘yicha taklif kiritish yuklangandi. Biroq, ular o‘rtasidagi bahsli masalalar sababli bugunga qadar ushbu masala yechim topmadi.
Shu bois, Milliy Olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov, har ikki tashkilot rahbariyati, mutaxassislar ishtirokida elektron sport turlari bo‘yicha milliy terma jamoani aniqlash, ularni Osiyo o‘yinlariga tayyorlash yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Muhokamalar davomida har ikki tashkilotning takliflari tinglandi, deyiladi MOQ matbuot xizmati xabarida.
Yig‘ilishda Milliy olimpiya qo‘mitasi tomonidan har ikki tashkilot saralashda ishtirok etadigan o‘z tarkibini joriy yil 5 may kuniga qadar taqdim qilishi belgilandi.
Shu asosda 10 mayga qadar Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan 8 ta kibersport yo‘nalishi bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi.
Uning natijalariga qarab, milliy terma jamoa shakllantiriladi hamda XIX Osiyo o‘yinlarida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA.