Xitoyning Xanchjou shahrida Osiyo o‘yinlarining saralash musobaqalari bir qator sport turlarida davom etmoqda.
Bugun, 22 sentyabr kuni mamlakatimiz beshkurashchilaridan Doniyor Rahimov va Sadriddin Qobiljonov, akademik eshkak eshuvchilardan Anna Prakaten va stol tennisi bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi a’zolari bahslarda ishtirok etdi. Futbolchilarimiz bugun Gonkong vakillariga qarshi maydonga tushadi.
Beshkurashchilarimiz guruh bosqichi bahslarida 12 va 14-o‘rinlar bilan kifoyalangan bo‘lsa, akademik eshkak eshish bo‘yicha yarim final bellashuvlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan Anna Prakaten 7:47.88 natija bilan 1-o‘rinni egalladi. Endi u 25 sentyabr kuni medallar uchun o‘tkaziladigan final bahslarida qatnashadi.
Osiyo o‘yinlari stol tennisi bahslarining "Ye" guruhida qatnashayotgan hamyurtlarimiz dastlabki uchrashuvni Gonkong terma jamoasiga qarshi o‘tkazdi. Shiddatli o‘tgan bahsda terma jamoamiz a’zolari imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
Kichik raketka ustalari ishtirokidagi navbatdagi guruh o‘yini ertaga tashkil etiladi. Unda tennischi qizlarimiz Bahrayn terma jamoasi bilan kuch sinashadi. Ushbu guruhdagi Gonkong-Bahrayn o‘yinida 3:0 hisobida gonkongliklarning qo‘li baland keldi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga Osiyo o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi tashkil etilishi munosabati bilan stol tennisi va parus sportidan tashqari barcha sport turlaridagi musobaqalarga 24 sentyabrdan start beriladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA