Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Xamsa”ning XIX asrga oid noyob qo‘lyozma nusxasi faksimil nashrda taqdim etildi
19:29 / 2025-09-26

Alisher Navoiy merosini tadqiq etish va jamoatchilikka yetkazishda yana bir qimmatli nashr yuzaga chiqdi.  O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi jamoatchilikka Navoiy “Xamsa”sining XIX asrga oid qo‘lyozma nusxasi asosida tayyorlangan faksimil nashrni taqdim etdi.

Ushbu nashr adabiy merosimizni yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi. 

Taqdim etilgan qo‘lyozma XIX asrda, 1240 hijriy (1824 milodiy) yilda Qo‘qon shahrida xattot Mullo Ro‘zi tomonidan ko‘chirilgan bo‘lib, Alisher Navoiyning “Xamsa” dostonlari to‘liq jamlangan. 428 varaqdan iborat, yuqori sifatli Qo‘qon ipak qog‘ozida bitilgan ushbu qo‘lyozma sahifalari rang-barang naqshlar, gul va o‘simlik tasvirlari bilan bezatilgan. Ayniqsa, “Lison ut-tayr” va “Xamsa” dostonlariga ishlangan 47 ta miniatyura asarning san’at va tarixiy qiymatini yanada oshiradi.

 Qo‘lyozmada an’anaviy “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sab’ai sayyor” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlari bilan bir qatorda, “Lison ut-tayr”ning ham kiritilgani alohida e’tiborli. Asar nafaqat matni, balki bezak san’ati, ranglar uyg‘unligi, qimmatbaho oltin suvi bilan chizilgan jadval chiziqlari bilan ham qimmatli manba sifatida baholanishi mumkin. 

Tadbir davomida qo‘lyozmaning tarixiy ahamiyati, faksimil nashr jarayonidagi yondashuvlar va yangi ilmiy tadqiqotlar haqida mutaxassislarning chiqishlari tinglandi. 

Adabiyotshunoslar, navoiyshunoslar, san’atshunoslar, yosh tadqiqotchilar va kitob ixlosmandlari faksimil nashrning ilm-fan hamda madaniyat rivojiga qo‘shadigan hissasi yuzasidan fikr almashdilar.

“1824 yilda ko‘chirilgan Navoiy “Xamsa”sining noyob nusxasi o‘zining nodirligi bilan ajralib turadi. Birinchidan, odatda “Hayrat ul-abror”dan boshlanadigan “Xamsa” bu  qo‘lyozmada u tushirib qoldirilib, o‘rniga “Lison ut-tayr” dostoni bilan boshlanadi. Bu juda qiziqarli jihat. Ikkinchidan, ushbu qo‘lyozmada 48 ta miniatyura mavjud. Mazkur nusxaning nashr qilinishi bizning madaniy hayotimizda beqiyos ahamiyatga ega. Avvalo, uning amaliy ahamiyati bor: qo‘lyozmaga murojaat qilinganda, asl nusxadan foydalanish qiyin bo‘lishi mumkin. Shu sababli “faksimile nashr” yo‘lga qo‘yildi. Faksimile nashr mutaxassislar bilan ishlash va ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini yaratadi. Bundan tashqari, bu nusxa miniatyuralar bilan boyitilgan bo‘lib, u Navoiy ijodi bilan bog‘liqligini yanada kuchaytiradi” deydi, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bosh xazinaboni — Abdurasul ESHONBOBOEV. 

“Unda san’at va ijodiy masalalar o‘z aksini topgan. Tadqiqotchilar bu qo‘lyozmaning ahamiyati nihoyatda katta ekanini ta’kidlashmoqda. U bizning ilm-fanimiz va madaniyatimiz uchun yo‘l ochadi. Adabiy hamkorlik, ilmiy hamkorlik natijasida Navoiy “Badoye’ ul-bidoya” devonining 1486 yilda ko‘chirilgan qo‘lyozmasi turk hamkorlari bilan birgalikda nashr etilgan edi. Bugun esa “Xamsa”ning 1824 yilda ko‘chirilgan nusxasining taqdimoti bo‘lib o‘tmoqda. Demak, bu ishlardan keyin hamkorligimiz izchil davom etadi, degan umiddamiz” deydi, yana u. 

Bir so‘z bilan aytganda Navoiy “Xamsa”sining XIX asrga oid qo‘lyozmasi asosida tayyorlangan faksimil nashr nafaqat adabiy merosimizni keng targ‘ib qilishga, balki yosh tadqiqotchilar uchun ishonchli manba yaratishga xizmat qiladi.

 Ushbu nashr milliy xazinamizni asrab-avaylash va uni yangi avlodlarga yetkazish yo‘lidagi muhim ilmiy-amaliy natija bo‘ldi. 

M.Eshmirzayeva, A.Alijonov, O‘zA