O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi, “Alisher Navoiy nodir merosini targ‘ibot markazi” jamoat birlashmasi, Xatirchi tumani hokimligi hamkorligida “Navoiy “Xamsa” si bilimdonlari” ko‘rik tanlovi o‘tkazildi.
Unda tumandagi 18 mahalla jamoasi o‘zaro kuch sinashdi. Tanlov ikki bosqichda o‘tkazilib, jamoalarga Alisher Navoiyning “Xamsa” asaridagi beshta dostondan savollar berildi.

Tadbir avvalida so‘zga chiqqanlar Alisher Navoiy bebaho adabiy merosining xalqimiz va jahon adabiyoti tarixi hamda milliy madaniyatimiz rivojidagi o‘rni haqida to‘xtalib o‘tdi.
– So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi Faxriddin Soliyev. – Uning asarlari qayta-qayta nashr etilmoqda, ijodi va faoliyatiga oid turli davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy kechalar, konferensiyalar o‘tkazilmoqda. Bugungi tadbir ham aholining, jumladan, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashda muhim o‘rin tutishi bilan ahamiyatlidir.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni “Xonaqa”, 2-o‘rinni “Tamabahrin” va 3-o‘rinni “Bog‘chakalon” mahallasi jamoasi egalladi.
G‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA