Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
XAMASning yangi rahbari Yahyo Sinvar kim?
18:40 / 2024-08-08

XAMAS guruhning G‘azodagi rahbari Yahyo Sinvarni o‘tgan hafta Tehronda o‘ldirilgan Ismoil Xaniya o‘rniga siyosiy yetakchi etib tayinladi.

Bu haqdagi bayonot seshanba kuni Yaqin Sharq bo‘ylab keskinlik avjiga chiqqan, Eron Xaniya o‘z hududida o‘ldirgani uchun Isroildan qasos olishga va’da bergan bir paytda e’lon qilindi.

Sinvar 7 oktyabr kuni Isroilga uyushtirilgan hujum boshida turgan. U endi harakatni G‘azoning noma’lum joyidan turib boshqaradi. Yahyo yashirin holatda qanday qilib sheriklari bilan muloqot qilishi, siyosiy amaliyotni muvofiqlashtirishi, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokarani nazorat qilishi esa noma’lumligicha qolmoqda. Isroil rasmiylari yangi rahbarni ham yo‘q qilish istagini yashirmadi.

1962 yil Xon Yunisda tug‘ilgan Yahyo Sinvar ko‘pincha XAMASning eng murosasiz yuqori lavozimli amaldorlaridan biri sifatida ta’riflanadi. U o‘tgan asr 80-yillari boshida G‘azodagi Islom universitetida ishg‘olga qarshi faol ishtiroki uchun Isroil tomonidan bir necha bor hibsga olingan. O‘qishni tamomlagandan so‘ng qurolli qarshilik ko‘rsatadigan jangchilar tarmog‘ini yaratishda qatnashgan. Aynan shu guruh keyinchalik XAMASning harbiy qanoti hisoblangan Qassam brigadasiga aylandi.

Sinvarga nisbatan to‘rt marta umrbod qamoq jazosi tayinlangan. Bu taxminan 426 yillik jazoga teng. Yahyo 23 yil umrini Isroil qamoqxonasida o‘tkazib, turmada ibroniy tilini, Isroil ichki ishlar tizimi va siyosatini o‘rgandi. 2011 yil XAMAS asirga olgan isroillik askar Gilad Shalit qutqarilishi nazarda tutilgan mahbuslar almashinuvi bitimi doirasida ozod qilingan.

Ozodlikka chiqqach, XAMAS siyosiy boshqaruvi tizimida yanada tez ko‘tarildi. 2012 yil guruh siyosiy byurosiga saylanib, unga Qassam brigadasi ishini muvofiqlashtirish vazifasi yuklandi. 2014 yil Isroilning G‘azoga yetti haftalik hujumi chog‘ida siyosiy va harbiy yetakchi sifatida gavdalandi. Qo‘shma Shtatlar uni global terrorchi deb ataydi. 2017 yil Sinvar guruh siyosiy byurosi raisi etib saylangan Xaniyaning o‘rniga G‘azodagi XAMAS guruhi rahbarligiga keldi.

– Butun dunyo, xalqaro tashkilotlar davlatimiz yonida bo‘lib, ishg‘olni jinoyat deb hisoblashi, xalqimiz qirg‘ini to‘xtatilishini kutgandik, – degan edi Sinvar. – Afsuski, dunyo buni kuzatib turdi.

S.Poyonov, O‘zA