Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida barcha sohalar qatori davlat boshqaruvi hamda inson resurslarini rivojlantirishga oid qator vazifalar belgilab berildi. Xususan, davlat boshqaruvi sohasini isloh qilish borasidagi ishlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqish, davlat xizmatchilarini muntazam o‘qitish hamda bilimini baholab borish tizimini yo‘lga qo‘yish, kadrlarni tanlashda ochiq va oshkora tanlov tizimini joriy etish, eng asosiysi kadrlarni bilimli, qat’iyatli, korrupsiyaga toqatsiz qilib tayyorlash haqida alohida ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, birinchi ustuvor yo‘nalish doirasida vazirlik va idoralar soni 61 tadan 28 taga kamaytirilib, har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul etib belgilanmoqda. Ushbu islohotlarning ikkinchi bosqichida davlat xizmatchilari sonining bosqichma-bosqich 30-35 foizga qisqartirilishi professional davlat xizmatchilari faoliyatini yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklarining oldi olinishiga xizmat qiladi.
Yangi O‘zbekistonda jamiyatning barcha jabhalarida bo‘lgani kabi rahbar va boshqaruv kadrlar tizimini yangilash sohasida ham islohotlar jarayoni boshlandi hamda izchillik bilan olib borilmoqda.
Bu jarayon yangidan tarkib topayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy munosabatlarning mohiyatini anglab, mustaqillik talablariga javob beradigan yangi rahbar kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ilk bosqichlarda boshqaruv kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda joy-joyiga qo‘yish sohasida salmoqli natijalarga erishildi va milliy mentalitetga xos bo‘lgan tizim shakllantirildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat fuqarolik xizmati tizimi samaradorligini oshirish ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan fuqarolar bilan ishlashning “mahallabay” va “xonadonbay” tizimi yo‘lga qo‘yildi, xodimlarga samarali ishlashi uchun munosib sharoitlar yaratildi. Bir so‘z bilan aytganda, xalqqa xizmat qilish davlat xizmatining asosiy falsafasi aylandi.
Bundan tashqari, 30 yildan beri keyinga surilib kelingan muhim masala o‘z yechimini topdi. Prezidentimiz 2022 yil 8 avgustda uzoq kutilgan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu esa mazkur sohadagi chora-tadbirlarning huquqiy poydevori bo‘lib, davlat boshqaruvi tizimida kadrlar siyosatini transformatsiya qilish va yangi bosqichga ko‘tarish uchun muhim dasturilamal bo‘ladi.
Qonunda davlat boshqaruvi organlari, tashkilotlar va hududlarda barcha davlat organlari hamda tashkilotlarida davlat xizmatiga qabul ochiq mustaqil tanlov asosida amalga oshirilishi, davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilish va kadrlarning xizmat bo‘yicha o‘sib borishi bilan bog‘liq faoliyatda nomzodlarni adolatli baholash, ular orasidan eng munosiblarini tanlashga qaratilgan meritokratiya tamoyili qo‘llanilishi belgilandi.
Taraqqiy etgan davlatlar tomonidan namuna sifatida olingan davlat fuqarolik xizmati sohasida boshqaruvning zamonaviy tizimini joriy etish borasidagi islohotlar negizidagi asosiy vazifalardan biri “ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlab olish” ekanini ko‘rishimiz mumkin. Bunda eng iqtidorli, kompetensiyalari yuqori bo‘lgan xodimlar meritokratiya tamoyili asosida bo‘sh ish o‘rinlariga ishga qabul qilinadi.
Prezidentimizning Murojaatnomasida ko‘rsatilgan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda sohaga oid farmon va qarorlarning ijrosini to‘laqonli bajarish maqsadida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan ham samarali ishlar tashkil etildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlarida kadrlarni davlat fuqarolik xizmatiga ochiq mustaqil tanlov asosida qabul qilish doimiy ravishda tashkillashtirilmoqda. Shu maqsadda, Agentlik tomonidan Davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlarining yagona ochiq portali —vacancy.argos.uz ishlab chiqildi. Portal interaktiv bo‘lishi bilan birga nomzodlar uchun qator imkoniyat va qulayliklarni taqdim etadi. Masalan, tanlovda ishtirok etish istagida bo‘lgan nomzodlar bir yo‘la davlat organining uchtagacha bo‘sh ish o‘rni uchun ariza topshirishi mumkin. Ariza yuboriladigan tashkilotlar soni chegaralanmagan. Vakant ish joyiga bo‘lgan malakaviy talablar ish beruvchi tomonidan barcha uchun teng tamoyil asosida belgilanadi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning 2021 yil 7 iyuldagi “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlarda ishga qabul qilish ochiq tanlov asosida amalga oshirilib, tanlov doirasida o‘tkaziladigan sinov tadbirlari Internet tarmog‘i orqali real vaqt rejimida kuzatishni nazarda tutuvchi tartib joriy etilgan.
Ochiq mustaqil tanlovlarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalangan holda amaliyotga joriy etilishi esa jarayonlarda inson omilining ishtirokini kamaytirib, korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga va tanlovlarning o‘tishida shaffoflikni ta’minlanishga, shu jumladan, nomzodlarning eng munosibi tanlanishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat fuqarolik xizmati vakansiyalar portali qog‘ozbozlik va ortiqcha yozishmalardan xoli bo‘lgan elektron platforma sifatida faoliyat yuritadi. Ishga kirmoqchi bo‘lgan kadrlar tashkilotma-tashkilot ko‘p hujjatlarni ko‘tarib ovora va sarson bo‘lmaydi. Turli idoralardan ortiqcha ma’lumotnomalarni olish ham talab etilmaydi. Nomzod haqidagi barcha ma’lumotlar Yagona milliy mehnat tizimi orqali avtomatik tarzda o‘z arizasida aks etadi.
bugungi kunda portalga ulangan tashkilotlar soni 70 ga yaqinni, mavjud vakant lavozimlar uchun o‘tkazilgan tanlovlar soni 140 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Meritokratiya tamoyili asosida o‘tgan davr mobaynida portal orqali e’lon qilingan ochiq tanlovlarda 1,3 mln.dan ziyod nomzod qatnashgan bo‘lib, ulardan 46 ming nafari davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilindi. Ayni paytda portalda 280 mingdan ortiq fuqaro o‘z rezyumesini shakllantirgan, ularning aksariyatini yosh va istiqbolli kadrlar tashkil etadi.
Shu bilan birga, har yili Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari, tuman-shahar hokimlarining kadrlar bo‘linmalari rahbarlari uchun “Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil qilinmoqda. O‘quv jarayonlarida kadrlarni tanlash va ular bilan ishlash borasida zamonaviy usullarni qo‘llash, davlat fuqarolik xizmatiga iqtidorli kadrlarni jalb qilish, bu jarayonda e’tibor berish lozim bo‘lgan jihatlarning eng kichik nuqtalarigacha bo‘lgan mezonlari yaqqol misollar va amaliy namunalar bilan ko‘rsatib beriladi.
Yana bir jihat. Prezidentimizning farmoniga muvofiq, ochiq mustaqil tanlov asosida davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinadigan shaxslar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va tegishli ravishda uning filiallari bilan kelishmasdan turib lavozimdan ozod qilinishi mumkin emas. Bu ham qaysidir ma’noda davlat fuqarolik xizmatchilari haq-huquqlarining to‘la-to‘kis himoyasiga qaratilganidan dalolat.
Ochiq mustaqil tanlovlar o‘tkazilishi davlat fuqarolik xizmatiga kirishda barcha fuqarolarning teng imkoniyatlardan foydalanishi, davlat organlari va tashkilotlaridagi vakant o‘rinlarni malakali mutaxassislar bilan yetarli darajada ta’minlash, kadrlar malakasining yuklatilgan vazifalar va zamonaviy ehtiyojlarga muvofiq bo‘lishiga erishish, davlat fuqarolik xizmat xodimlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar sifatining yuqori bo‘lishiga olib keladi. Va, albatta, meritokratiya tamoyiliga asoslangan ochiq mustaqil tanlovlar kelajakda mamlakatimiz rivoji uchun xizmat qiladi.
Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmati lavozimlari davlat reyestrini yuritish, shuningdek, davlat fuqarolik xizmatchilari vakant lavozimlari yagona ochiq portalini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlar jadal olib borilmoqda.
Kelgusida davlat fuqarolik xizmati sohasida amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini berishi barobarida, ochiq mustaqil tanlov orqali davlat fuqarolik xizmatiga jalb etilayotgan kadrlarning o‘z sohalarida katta yutuqlarga erishib, soha rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.
Shomaruf Qosimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat xizmatini rivojlantirish
agentligi mas’ul xodimi
O‘zA