Ahmadjon Muxtorovni tanimaganlar, u kishidagi jiddiylik va qat’iyatni ko‘rib, kattakon arbob deb o‘ylardi. Jurnalist Olim Toshboyev ta’biri bilan aytganda, Ahmadjon Muxtorov muharrirlar arbobi edi.
Kuni kecha «Nuroniy» jamg‘armasida «Xalq so‘zi» - «Narodnoye slovo» gazetalari tahririyati, O‘zbekiston jurnalistlar uyushmasi bilan hamkorlikda o‘z so‘zi va imzosiga ega bo‘lgan marhum atoqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan bir piyola choy ustida xotira tadbiri o‘tkazildi.
Yig‘ilganlar matonatli jurnalist Ahmadjon Muxtorov hayoti, faoliyati, ijodi, milliy manfaatlarimizni himoya qilish borasidagi zahmatli mehnatlari xususida batafsil so‘z yuritishdi.
"Prezidentimiz «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasini ilgari surar ekan, bu ma’rifiy g‘oya turli qoliplardan xoli, rostmana yangi va toza bo‘lmog‘i kerakligini ko‘p uqtiradilar, – dedi «Nuroniy» jamg‘armasi boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sharof Ubaydullayev. – Bu borada milliy jurnalistika sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan ustoz ijodkorlar xotirasini e’zozlash burchimizdir".
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/vASKxTopcD4" title="Xalqqa haq so‘z aytgan jurnalist yodi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
"Ahmadjon Muxtorov jurnalistika uchun tug‘ilgan inson edi, – dedi taniqli yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad. – Uning tabiati, fe’li, hammasi jurnalistikaga uzukka ko‘z qo‘ygandek, go‘yoki, onasi uni aynan jurnalistika uchun tuqqandek edi. Joni ichiga sig‘masdi, g‘ayrati ichiga sig‘masdi. Tanti va mard odam edi".
Darhaqiqat, atoqli jurnalist Ahmadjon Muxtorov publitsistikada Samarqand maktabini shakllantira oldi, tojik va rus tillaridan ko‘plab badiiy asarlarni ham tarjima qildi. «Gazeta – aql qayrog‘i, ko‘z chirog‘i, til qaymog‘i, yurak qiynog‘i!» degan shior muallifi sifatida ham doim unga amal qilib yashab o‘tdi. Ko‘p yillar bosma ommaviy axborot vositalarida, jumladan, «Xalq so‘zi» - «Narodnoye slovo» tahririyatlarida bosh muharrir sifatida faoliyat olib bordi. Iqtidorli, jasoratli, fidoyi jurnalistlardan jamoani shakllantirib, gazetani chinakam xalq minbariga aylantirishga harakat qildi. Agar u kishi hayot bo‘lganida bugun 87 yoshga to‘lgan bo‘lardi.
Xotira tadbiri yakunida Ahmadjon Muxtorovning ijod yo‘li, hayotiga oid alohida kitob chiqarish xususida takliflar bildirildi.
O‘tkir Alimov, Yoqub Meliboyev (video), O‘zA