Bundan besh-olti yil avval keksalarning pochta bo‘limidan pensiya olishi holatini ko‘pchilik ancha dilxiralik bilan eslaydi.
Tong sahardan pochtaxonaga yo‘l olgan keksalarning bor-yo‘g‘i besh-olti nafariga nafaqa yetar, pochtachining qosh-qovog‘i uyilib, "pul tugadi, navbatga turmanglar" degan buyrug‘i ko‘pchilikni ranjitmay qo‘ymasdi. Kimdir davolanish, boshqa bir keksaning yana qandaydir rejalari arzimagan pensiya puli kechikkanni yoki atayin kechiktirilgani sababli ortga surilib qolaverardi. Necha yillar halol mehnat qilgan otaxon va onaxonlarimizning pensiya olishi ba’zan pochtachidan sadaqa so‘rashdek xunuk jarayonga o‘xshab ketardi.
Keyingi yillar davomida bunday noxush holatga butkul barham berildi. Aholi hech qanday qiyinchilik va moneliksiz o‘z nafaqalarini ola boshladi. Kimga qanday qulay bo‘lsa, shu tarzda, kim plastikda, kim naqd pul tarzida. Qo‘liga pul tekkan nuroniylar chehrasida tabassum bilan do‘kon-rastalardan ko‘ngli tusagan yegulikni xarid qilib yurgani, kimdir esa kommunal to‘lovdan qarzdorligini to‘lashga oshiqqani, birovning dorixonadan kerakli dori-darmon xarid etishga yo‘l olganiga ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz.
Darhaqiqat, bundan besh yillar muqaddam mamlakatimizda aholi murojaatlari bilan ishlash borasida boshlangan amaliy sa’y-harakatlar natijasida muammolar girdobida qolgan minglab odamlarning chigal ishlari hal bo‘ldi. Oddiygina misol, keksalarning pensiya olishi bilan bog‘liq murojaat va arizalar butkul barham topdi. Odamlarning muammolarini jiddiy o‘rganish natijasida kimningdir yillar mobaynida pasportsiz, tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasiz, nikoh qayd etilganiga oid tegishli hujjatsiz qiynalib yurgani ayon bo‘ldi. Ilk bor qo‘liga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasporti tekkan hamyurtlarimizning ko‘z yoshlariga ko‘plarimiz guvohmiz.
Odamlar muammolari bilan ishlash jarayonida turli vazirlik va idoralar, tashkilotlarning faoliyatida ham, ayrim mutasaddilarning ishida ham kamchiliklar borligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Aholi murojaatnomalarining mutasaddilar tomonidan o‘rganilishini yoritish asnosida ayrim tashkilot vakillari bunday mas’uliyatli yumushga befarq, ba’zan nomiga, "mendan ketguncha, egasiga yetguncha" qabilida munosabatda bo‘lganiga ham ko‘p marta guvoh bo‘lganmiz.
Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida bu boradagi ishlar, yutuqlaru kamchiliklar batafsil aytildi. Muammolarni hal etishning kelgusidagi yo‘llari belgilandi.
Darhaqiqat, "xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak", degan tamoyil mamlakatimizda kechayotgan islohotlarda ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Taraqqiyot shiddat bilan kechayotgan bugungi kunda Yer kurrasining biron mamlakatida muammosiz davlat, kamchiliklarsiz, hal etilishi zarur bo‘lgan masalalarsiz mamlakatning o‘zi yo‘q. Zero, hayotning o‘zi har kuni turli muammolarni insoniyatga ro‘para etaveradi. Hamma gap bu kamchiliklarga to‘g‘ri va o‘z vaqtida yechim topishda qolgan. Davlatimiz rahbarining shaxsiy ibrati, talabi, faoliyatidagi ustuvorlik ham muammolar ildizini bartaraf etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli. Bunday yondashuv xalqimiz tomonidan ham, xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA