Aks-sado
Davlatimiz rahbari raisligida kuni kecha bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishi islohotlar natijadorligi, hududlarda ishlarning borishi va aholini qiynayotgan masalalar tahliliga bag‘ishlandi. Darhaqiqat, kun tartibidagi masala bo‘lgan mazkur vazifalar ijrosi har doimgidek dolzarb.
Yig‘ilishda qatnasharkanman, Prezidentimiz aholi farovon turmushi uchun muammolar yechimiga har nafas kamarbasta ekanligiga amin bo‘laman.
Bugun dunyoning turli nuqtalarida siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy mojarolar avj olyapti, savdo aloqalari va logistika qiyinlashyapti. Tinchlik, adolat va inson qadrini ulug‘lashga bo‘lgan ehtiyoj har qachongidan ham oshib boryapti. Xo‘sh, bu vaziyatda biz davlatimizga, hukumatga, asosiysi, xalqqa qanday yelkadosh bo‘lishimiz lozim?
Ilk navbatda hokimlar va vazirlar imkoniyatlarni to‘g‘ri baholab, tashabbus ko‘rsatib ishlashi, aholi va biznes bilan muloqotni yanada kuchaytirib, muammolarni tez-tez hal qilib berishi zarur.
Yig‘ilishda bu masala hududlar va tarmoqlar bo‘yicha tahlil qilinib, tizimli kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, aholining dardu tashvishini eshitib, ularga sharoit yaratib berish rahbarlarning asosiy vazifasi bo‘lishi shart. Shunday ekan, har birimiz bizga bildirilayotgan ishonchni oqlagan holda har bir murojaat ortida inson taqdiri, uning dardi va umidi turganini unutmasligimiz kerak. Prezidentimiz qayd etganidek, “Xalqning dardi bilan yashash biz uchun majburiyat!”
O‘z navbatida partiyamiz vakillari Prezidentimiz islohotlarini xalqimizga yetkazish, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazish va siyosiy maydonda bu islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratamiz. Har bir tashabbusning ijtimoiy ahamiyatini keng targ‘ib qilish – biz uchun asosiy vazifalardan biridir.
Xurshidaxon Xalilova,
Xalq deputatlari Andijon viloyat Kengashi deputati, O’zLiDeP deputatlik guruhi rahbari.
O‘zA