Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida "Jadid ma’rifatparvarlarining milliy ta’lim, matbuot, adabiyot va san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi" mavzuida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.
Xalqimizni ma’rifat, ilm va ziyoga da’vat etish, ta’lim va tarbiya ishlarini yanada takomillashtirish, mustabid tuzumning bor illat va kamchiliklarini ro‘y-rost fosh etishda ma’rifatparvar jadid bobolarimizning hissasi beqiyosdir.
Olimlarning fikricha, XIX asr oxiri - XX asrning boshlarida siyosiy, madaniy, iqtisodiy jixatdan inqiroz holatiga tushib qolgan, muslamlaka tufayli rivojlanish past darajada bo‘lgan o‘lkada Turkiston ziyolilari chor Rossiyasining mustamlakachilik zulmidan qutulish, o‘z milliy davlatchiligini tuzish, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotga yo‘l ochish, xalqqa ziyo tarqatish choralarini ko‘rdi. Bu borada jadidchilik harakati katta rol o‘ynadi.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida onlayn tarzda tashkil etilgan anjumanda ta’kidlanganidek, jadidchilik mustamlakachilikka qarshi milliy demokratik harakat bo‘lib, u o‘sha davrgi qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatga oshno etish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o‘tkazish, pirovardida milliy mustaqillik g‘oyalarini hayotga tatbiq etish maqsadini o‘z oldiga qo‘ygan edi.
Turkistonda jadidchilik g‘oyalari XIX asrning 90-yillaridan yoyila boshladi. Bu harakat XX asrning 30-yillari oxirlarigacha o‘lka ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim rol o‘ynadi.
Anjumanda taniqli jadidshunos olimlar – Naim Karimovning "Behbudiy – jadid teatrining asoschisi", Shuhrat Rizayevning "Jadid dramaturgiyasining shakllanishi va taraqqiyot xususiyatlari", Hamidulla Boltaboyevning "Munavvarqori Abdurashidxonov ma’rifatparvar adib va Turkiston xalq dorulfununi tashkilotchisi", Bahodir Karimovning "Abdulla Qodiriy va jadidchilik", Nurboy Jabborovning "Jadid adabiyotida badiiy tafakkur yangilanishlari" mavzusidagi ma’ruzalari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu bilan birga, Rahmatilla Barakayevning "Abdulla Avloniyning “Usuli jadida” maktablari uchun yozgan darsliklari va bolalar adabiyoti", Olim To‘laboyevning "Toshkent adabiy muhiti va jadidchilik", Zaynobiddin Abdurashidovning "Mahmudxo‘ja Behbudiy va adabiy til masalasi", Sayyora Halimovaning "Ubaydulla Asadullaxo‘jayevning o‘zbek milliy matbuoti tarixidagi o‘rni" kabi ma’ruzalari yangiliklarga boyligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Anjumanda jadidchilik harakatiga oid yoshlarning ko‘plab savollariga batafsil javob qaytarildi. Bu kabi tadbirlarni muntazam o‘tkazishga kelishib olindi.
N.Usmonova, O‘zA