Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqlar do‘stligining yorqin namoyishi
11:53 / 2025-04-11

Fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida Sirdaryo va Rossiyaning Oltoy o‘lkasi rahbarlari, shuningdek, o‘lka madaniyat vaziri ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbir doirasida Rossiya Federatsiyasi Oltoy o‘lkasi filarmoniyasi jamoasi tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi. Teatrni to‘ldirib turgan tomoshabinlar konsert dasturini katta qiziqish va mamnuniyat bilan qabul qilishdi. Rus xalq qo‘shiqlari va raqslari har tomonlama diqqat bilan kuzatildi, ularning har bir namoyishi qizg‘in olqishlarga sabab bo‘ldi. Sahna ortidagi videolavhalarda front va frontorti voqealari video tasvirlar orqali namoyish etildi, bu tadbirga yanada ko‘tarinkilik baxsh etdi.

Tadbirda Sirdaryo viloyatining faxri – Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, yuz yoshli O‘skan bobo Hojimanovning ishtiroki katta ehtirom bilan qarshi olindi. Oltoy o‘lkasi gubernatori o‘rinbosari, o‘lka madaniyat vaziri va Sirdaryo viloyat rahbarlari shunday tarixiy va ma’naviy tadbirlarda ulug‘ yoshdagi boboning ishtirok etishini faxr deb bilishdi. Ular o‘z navbatida O‘skan boboga guldasta va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Konsertda Sirdaryo viloyati san’atkorlari ham o‘z chiqishlari bilan rus va o‘zbek xalqlari madaniy aloqalari mustahkamlanishiga hissalarini qo‘shishdi. Tadbirning har bir elementlari – qo‘shiqlar, raqslar va videolavhalar  madaniyatlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va do‘stlikni yaqqol namoyon etdi.

– Men uchun bu kabi tadbirlarda ishtirok etish katta sharaf. Bir zamonlar frontda yelkama-yelka turib jang qilgan xalqlarimiz bugun ham bir-birlari bilan yaqin do‘st, qardosh va hamkor. Bunday konsertlar, do‘stlik uchrashuvlari xalqlarimizni yanada birlashtiradi, xotirani asraydi, – deydi Ikkinchi jahon urushi faxriysi O‘skan bobo Hojimanov.

[gallery-22754]

G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Sirdaryo viloyatida o‘tkazilgan madaniy-ma’rifiy tadbir  

har ikki xalq o‘rtasidagi madaniy munosabatlarning mustahkamligini yana bir karra namoyon etdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri