French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqlar do‘stligi festivali boshlandi
18:10 / 2023-07-27

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi qaroriga muvofiq, 30 iyul butun dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni sifatida nishonlab kelinadi. Mamlakatimizda ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2021 yil 10 fevralda qabul qilingan qonunga muvofiq, ushbu sana Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilangan. Shu bois har yili mazkur bayram munosabati bilan ko‘plab tadbirlar, Xalqlar do‘stligi festivali o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

27-30 iyul kunlari davom etadigan navbatdagi festival ham rang barang, qiziqarli dasturlar, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy-amaliy tadbirlarni jamlagan.

Bugun – anjumannning ilk kuni Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida matbuot anjumani tashkil etildi.

Qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov yurtdoshlarimizni Xalqlar do‘stligi kuni bilan tabriklab, ko‘p yillar davomida yonma-yon yashagan turli xalq, madaniyat va din vakillarining do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabati mintaqamiz madaniy rivojida muhim omil ekanini e’tirof etdi.

Mazkur festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad millatlararo totuvlikni mustahkamlash, xorijiy, jumladan, qo‘shni davlatlar bilan o‘zaro ishonch muhitini yanada yaxshilash, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elat vakillarining madaniyati, tili, milliy an’ana va urf-odatlarini asrab-avaylashda mamlakatlar tajribasi va ilmiy salohiyatini uyg‘unlashtirishdan iborat.

[gallery-12922]

Madaniyat va san’at festivallari nafaqat xalqlar do‘stligi mustahkamlanishi, balki mamlakat imiji yuksalishiga ham xizmat qiladi,  deydi Toshkent shahri tatar jamoatchilik madaniy-ma’rifiy markazi raisi Rishat Nabiullin Ajoyib sana munosabati bilan tashkil etilayotgan ushbu tadbirlar ham ayni maqsadga xizmat qiladi. Bu yurtimizda barcha millat vakillariga birdek sharoit yaratilganidan, yagona oiladek, bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat yashayotganimizdan darak beradi. Bayramlar nafaqat kayfiyatimizni tog‘dek ko‘taradi, balki birdamligimizni ham muhstahkamlaydi.

Festival doirasida “Do‘stlik palitrasi” xalqaro tasviriy san’at asarlari namoyishi, “Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik” qardosh xalqlar yozuvchi va shoirlari kitoblari ko‘rgazmasi, “Xalqlar do‘stligini mustahkamlashda xalq diplomatiyasining o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi.

Мамлакатимизda millatlararo do‘stlik va totuvlikni, turli millat va elat vakillari o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarni saqlash hamda rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan bir guruh vatandoshlarimiz “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi. “Do‘stlik” videoroliklar tanlovi g‘oliblari e’tirof etiladi. Poytaxtimizdagi “Markaziy park”da bayram sayli, konsert dasturi rejalashtirilgan.

Shu kunlari Toshkent shahri va respublikamizning barcha hududlaridagi nufuzli tomosha maydonlari, so‘lim xiyobonlar va bog‘larda turli bayram tadbirlari uyushtiriladi.

Matbuot anjumanida festivalga doir barcha savollarga javob qaytarildi.

Festival doirasidagi barcha tadbirlar uza.uz sayti orqali yoritib boriladi.

Go‘zal Sattorova, Muhammad Amin (surat), O‘zA