English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Xalqlar do‘stligi — barqarorlik va taraqqiyot kafolati
13:59 / 2025-07-31

30 iyul — Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Shofirkon tumanida ham “O‘zbekiston – yagona Vatan!” shiori ostida “Do‘stlik” festivali yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur festivalShofirkon tumani hokimligi, Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazildi. Unda tumandagi barcha tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari vakillari, faollar, ijodiy guruhlar, hunarmandlar hamda mahalliy jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir millatlararo do‘stlik, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib qilishga xizmat qildi.

Milliy taomlar milliy ruh va mehrning ko‘zgusidir.Festivalning diqqatga sazovor jihatlaridan biri 20 dan ortiq tuman tashkilotlari ishtirokida tashkil etilgan milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Aynan festival jarayonida turli millatga xos an’anaviy taomlar — beshbarmoq, qurtoba, palov, mastava, sho‘rva va boshqa milliy taomlar tayyorlanib, keng jamoatchilikka tortiq qilindi. Bu orqali turli millat va elatlarning urf-odati, madaniyati va xalqona mehmondo‘stligi yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.

Ma’naviyat va san’at uyg‘unligi ko‘rinishi sifatida festival davomida mahalliy hunarmandlar ishtirokida tashkil etilgan zardo‘zlik, kashtachilik, kulolchilik, yog‘och o‘ymakorligi kabi xalq amaliy san’ati ko‘rgazmalari, bolalar va yoshlarning milliy chiqishlari, madaniyat xodimlari ijrosidagi jonli kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona ruh va milliylik zavqini ulashdi.

Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiluvchi “Sog‘lom hayot” burchagi ham tashkil etilib, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom hayot falsafasini qaror toptirishga xizmat qildi.

Sportda ham do‘stlik ruhi bor. Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan kurash musobaqasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sportchilar mardona va halol bellashuvlarda qatnashib, o‘z mahoratlarini namoyon etdi. G‘oliblar Shofirkon tumani hokimi tomonidan faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Bugungi kunda mamlakatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilayotgani ayni haqiqat. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu borada shunday degan edilar: “Biz turli millat va elatlar tinch-totuv, o‘zaro do‘stona yashayotgan yurtda istiqomat qilamiz. Ularning har biri biz uchun aziz va muqaddas. Millatlararo totuvlik — bu davlat barqarorligi va taraqqiyotining eng muhim omilidir.”

Mazkur tamoyillarni amalda ifoda etgan “Do‘stlik” festivali Shofirkon tumanida xalqlar do‘stligi va yurt birligini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Festival milliy qadriyatlarni qadrlash, turli millat va elat vakillarining ahilligi, hamjihatligini mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash yo‘lida o‘ziga xos ma’naviy maydonga aylandi.

Dilorom G‘afforova, 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi 

Shofirkon tuman bo‘linmasi rahbari

O‘zA