Aholiga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishda oshkoralik, adolatlilik va shaffoflik tamoyillari asosida zamonaviy talablarga javob beradigan samarali xizmat ko‘rsatish tizimini shakllantirish, order berish mexanizmini takomillashtirish va to‘liq raqamlashtirish maqsadida Prezidentimizning shu yil 28 iyulda “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi.
Unga ko‘ra, shu yil 1 oktyabrdan boshlab yurtimizdagi 13 ta ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasasi va Bolalar milliy tibbiyot markaziga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga kvota asosida order berish tartibi bekor qilinib, moliyalashtirishning yangi mexanizmi asosida ularni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimi joriy etilishi kerak.
Sog‘liqni saqlash vazirligida ushbu qaror ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda vazirlik matubot xizmati xabar bermoqda.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi A.Abduvohidov, Prezident maslahatchisi birinchi o‘rinbosari L.To‘ychiyev, sog‘liqni saqlash vaziri A.Xojibayev, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari rahbarlari hamda shu sohaga mas’ul mutaxassislar ishtirok etdi.
Yig‘ilishda so‘nggi paytlarda hududlar miqyosida imtiyozli orderga bo‘lgan ehtiyoj bir necha barobar oshganligi, shu bois tizimga elektron axborot tizimini samarali joriy etish, hududiy tibbiyot muassasalarini zarur kompyuter texnika vositalari bilan ta’minlash, kadrlar malakasini yanada oshirish lozimligi, bu esa aholining imtiyozli davolanish uchun uzoq muddatli navbat kutishlari va turli ovoragarchiliklarga chek qo‘yishi ta’kidlandi.
Qolaversa, jamoatchilikning kasalliklar bilan bog‘liq savollariga o‘z vaqtida javob berish, ularga tibbiy yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish maqsadida vazirlik tizimida yagona qisqa raqamli CALL-markaz tashkil etish va ishga tushirish kerakligi aytib o‘tilib, bu borada mas’ullarga aniq vazifalar yuklandi.
Yig‘ilishda shuningdek, joylarda imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni hisobga olish va navbat asosida davolanishga yo‘llashning elektron axborot tizimini joriy etish jarayonlari sust borayotgani tanqid qilinib, mavjud muammolarni bartaraf etish va bu orqali odamlarni tibbiyot tizimidan rozi qilish lozimligi qayd etildi.
Mohigul Qosimova,
O‘zA